Jolliboy Tanirberganovich Izentayev - O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi akademigi, O‘zbekiston xalq rassomi, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori o‘z ijodi bilan Qoraqalpog‘iston tasviriy san’atining shakllanishiga ulkan hissa qo‘shgan jamoat arbobi, Qoraqalpog‘iston tasviriy san’atining yirik namoyondasi. Ulug‘ xalq qudratini mo‘yqalam bilan tasvirlay olgan, jadidlar izini tasvirda ko‘rsatgan olim, kuy va qo‘shiqlarni qalam bilan ijodiga qo‘shgan musavvir.
Bugungi kunda rassom tomonidan yaratilgan turli janrlardagi asarlar yurtimiz va dunyoning bir nechta davlatlari kolleksiyalaridan munosib o‘rin egallab o‘zining noyobligi va yuqori qiymati bilan yosh avlod uchun qimmatli manba sifatida katta ahamiyat kasb etib kelmoqda.
Jayhun qirg‘oqlaridagi o‘ylar va bolalik yillari

Jolliboy Izentayev 1943-yil 28-fevralda Qo‘ng‘irot tumanida tavallud topgan. Ustyurtning yastanib yotgan bepoyon cho‘llari, Jayhunning cho‘lga qaragan nigohi o‘rtasida o‘tgan bolaligi buyuklikdan darakdek kelajakda uning ijodiga ta’sir ko‘rsatgan. Uning ilk ijodi maktabdan boshlanib, cho‘l manzarasi aks etgani bejizga emas. Rassom bolaligidayoq, maktab ostonasidan hatlamay, otasi bilan cho‘lga borib qaytganida kechinmalarini qog‘ozga tushirishni boshlagan. Uning ilk ijodida cho‘l qumlari, zarralarining tasvirlarda shamol ta’sirida uchayotgan aksi, beixtiyor, odamda cho‘l nafasini keltirib yuboradi. Onasining bir necha bor tanbehiga qaramay 5-7 yoshlarida cho‘lga yolg‘iz chiqib ketishi kelajakda mustaqil fikrga egaligini shakllantirgan. Bolalik chog‘idan boshlangan iqtidorni maktabda tasviriy san’at fani ustozi Respublikaning taniqli haykaltaroshlaridan biri Aman Avazgeldiyevich Atambayev sezib, yosh Izentayevga maktabdan tashqari tasviriy san’atning ilk saboqlarini bergan birinchi ustoz bo‘ldi. Keyinchalik rassom ustozi haqida iliq fikrlaridan birida shunday degan edi: “Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda hammada ham oddiy qalam bo‘lmasdi, urushdan keyingi qiyinchiliklar, oilalardagi iqtisodiy yetishmovchiliklar ta’limga qattiq ta’sir ko‘rsatayotgan davr edi. Shunday bo‘lsa ham ustozimiz ko‘pchilik o‘quvchilarga, menga ham o‘zlari qalam berardi. Darslardan keyin qalamlarimizni yig‘ishtirib olardi. Har bir bolaning qalam ushlashiga qarab uning iqtidorini bilib olardi. O‘shanda menga qarata bolam senga qalamni ushlashni kim o‘rgatyapti…” deganlari esimda. Ustozga birinchi kunlardanoq mehri o‘zgacha uyg‘ondi. Kechalari ustozi bilan shamchiroqda chizgan suratlari ustozda hayrat uyg‘ota boshlagan. Onasi bu suratlarni ko‘rib, unda bolalik qiziqishi bo‘lsa kerak deb o‘ylagani, keyinchalik muvaffaqiyat yo‘li ekanligini ko‘rgan. Yosh rassomning Ustyurt cho‘llaridan to Jayhun qirg‘oqlarigacha bo‘lgan tabiat chizgilari, Qo‘ng‘irot elining manzaralari, ijodida tabiatdan zavqlanish hissi uni P.Benkov nomidagi Respublika rassomchilik bilim yurtiga yetakladi. O‘sha davr bolalarida quvnoqlik qanchalik bo‘lgani bizga qorong‘i bo‘lishi mumkin lekin Izentayevdagi quvnoqlik va bolalarcha fikrlash ancha keng bo‘lgan. Bilim yurtigacha bo‘lgan uning bolaligi bugun ijodining sara davriga to‘g‘ri keladi. Bilim yurtida u ko‘plab mohir ustozlar A.Perov va Ye.Melnikovlardan professional rangtasvir san’atining dastlabki sir-asrorlarini o‘rgandi. So‘ng A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomchilik institutida o‘qishni davom ettirdi. Jolliboy institutda dastlab mashhur rassom Raxim Axmedov guruhida o‘qidi. Keyin unga Ne’mat Qo‘ziboyev va Mannon Saidov kabi tajribali rangtasvirchi rassomlar saboq berishdi.
Ilk ijod namunalari
Rassom J.Izentayevning dastlabki ijodi davrida erishgan eng asosiy yutug‘i barcha janrlarda – natyurmortdan tortib portretgacha, manzaradan tortib yirik tarixiy polotnolargacha yozish malakasini egallagani ularda rangtasvir va g‘oya mazmun bilan bog‘liq turli masalalarni yecha olish darajasiga ko‘tarilganida ko‘rinadi. Buyuk musavvirning ijodini o‘rganar ekanmiz, uning ilk ijodini maktab yillari deb tahlil qilish mumkin. Garchi bolalik yillaridagi ijodlarida u keng miqyosdagi tasvirlarni bermagan bo‘lsa-da, Qo‘ng‘irot elining turmushini, tabiatini, odamlarning bir-biriga bo‘lgan munosabatini bolalarcha tasvirlab bergan asarlari uning ilk ijodi hisoblanadi. Bugun ko‘pgina darslik va adabiyotlarda musavvirning ilk ijodiy namunalarini uchratish qiyin emas. Uning saqlanib qolgan qo‘lyozmalari, oila a’zolariga aytgan o‘gitlaridan bilishimiz mumkinki, ilk ijodi ilk qalam ushlaganidan emas, balki tabiatni sevganidan boshlangan. Rassomlik bilim yurtida, keyin institutdagi o‘qish jarayonida o‘zlashtirgan turli janrda asar yozish va rangtasvirda yuksak professional mahoratga erishgani rassomga ijod yo‘lining keyingi bosqichlarida rassom ajoyib turkum asarlar yaratishi uchun mustahkam poydevorga aylandi.
Musavvirning tematik yondashuvi va ijodi
J.Izentaqyevning 1960-yillarda, ya’ni rassomlik bilim yurtida tahsil olayotgan chog‘larida chizgan rasmlariga nisbatan, 1970-yillar oxiri 1980-yillar boshiga tegishli turkum grafik portretlar va qalamtasvir rasmlar, jumladan “Qushinbay portreti”, “Ona portreti”, “Boranboy portreti”, “Qoraqalpoq ayoli”, “Baliqchi Amanbay”, “Askar maktublari”, “Birinchi komsomolchilar”, “Begjar fojiasi” asarlari rasm chizish mahoratini ancha o‘sganini namoyon etadi. Rassom ijodi turli xil mavzu va janrlarga boy asarlar bilan serjilo tus ola boshladi. Ularda o‘zgacha kompozitsion yechim, kolorit, rang va fakturalardan keng foydalangan.

Qoraqalpoq xalqi hayotini chuqur o‘rgangan rassom milliy koloritda o‘ziga xos turfa asarlar yaratdi, o‘z diyorining kundalik hayotidan tortib, o‘y-kechinmalari, orzu-umidlari, go‘zal tabiati, turmush tarzini serjilo ranglarda aks etdi. Tarixiy mavzudagi yirik asarlar “Umid yo‘lida”, “Begjar fojiasi” singari asarlari, manzara janridagi “Xiva. Changli kun”, “Ko‘hna Urganch. Bozor”, “Bahorda Nukus”, “Qoraqalpog‘istonda kuz”, “Yashil hovli” kabi ijodiy ishlari, “Qumg‘onli natyurmort”, “Niqobli natyurmort” va boshqa natyurmortlari, Orol muammosiga bag‘ishlangan “Mo‘ynoq. Qumdagi saksovul”, “Kemalar qabristoni”, “Mo‘ynoq”, “Chekinayotgan dengiz tubi” asarlari yurtimiz tasviriy san’atining sara namunalariga aylangan. Rassom “Shoir T.Jumamuratov portreti” va “Bosgan zamini” manzarasi uchun yuksak mukofotlardan biri Berdaq nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Uning portret janridagi asarlari XX asr oxiri-XXI asr boshi Qoraqalpog‘iston rang tasvirida milliy ruhni aks ettirishga samarali ta’sir ko‘rsatdi.

Ijodkor umri davomida Misr, Bolgariya, Fransiya, Rossiya, Sloveniya, Germaniya kabi ko‘plab davlatlarda ijodiy safarlarda bo‘lgan va qator asarlar yaratgan. Asarlarda o‘ziga tanish bo‘lmagan joy manzarasining nozik qirralarini undagi bor ranglarning mohirlik bilan berilganligi va tabiatning o‘ziga xosligi ifoda etilganligi kishini hayratga soladi. J.Izentayevning ijodiy faoliyati qanchalik sermahsul va boy bo‘lsa, uning davlat va jamoat arbobi sifatida ham olib borgan ishlari ham shunchalik salmoqli bo‘ldi.
Ustoz va shogird an’analariga sodiqlik
U uzoq yillar davomida O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi deputati sifatida ish olib bordi. Rassomning yaratgan eskizlari asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi milliy gerbi va bayrog‘i tayyorlandi. Shu bilan birga uning jonbozligi bilan 1992-yilda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Rasm va chizmachilik” kafedrasi ochildi va u yerda Izentayevning o‘zi ham yosh avlodga tasviriy san’at sirlarini o‘rgatdi.
1997-yilda esa iqtidorli bolalar maxsus ixtisoslashtirilgan maktab-internatining ochilishida Izentayevning sa’y-harakatlari bilan uning yosh avlod ta’limi, tarbiyasi va kelajagi uchun jon kuydirganligini ko‘rishimiz mumkin. Uning nomini abadiylashtirish maqsadida ushbu O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Qoraqalpog‘iston ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatiga Jolliboy Izentayevning nomi berildi, maktabda haykali o‘rnatildi, hayoti va ijodiga bag‘ishlab albom-katalog chop etildi. Albatta bugungi kunda u insonning olib borgan ishlari tez-tez yodga olinib, chuqur hurmat bilan tilga olinadi.
Bugungi kunda ustozning minglab shogirdlari faoliyat olib bormoqda. Uning shogirdlari o‘z ijodlarida ustozining o‘gitlarini aks ettirgan suratlarini ko‘rgan mutaxassis, tezda Izentayev shogirdi ekanligini ilg‘ab oladi. Shunday kartinalardan iborat bir necha bor “Rassom hayot yo‘li” ko‘rgazmalari tashkil etildi. Musavvir o‘zidan keyin shogird va ijodiy asarlari qatorida tirik guvoh sifatida o‘z o‘g‘lini rassom sifatida qoldirgani, avlodlar davomiyligidan dalolatdir. Bugun uning ijodini davom ettirib, tasviriy san’atning rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan ijodkor o‘g‘li Toshkent Fotosuratlar uyida rahbarlik qilib kelmoqda.
Hayotning so‘nmas yulduzi
Ustoz musavvir hayotining kulminatsion nuqtasida buyuklikni qo‘lga kiritgan, so‘nmas ijodni yarata olgan va avlodlarga o‘zining borligini qoldira olgan shaxslardan hisoblanadi. Ayniqsa, mustaqillik yillarida yaratgan asarlari bugun barchamizni quvontirganidek, chet ellik turistlar nigohiga qoraqalpoq elining tarixini, chuqur ildizini ko‘rsatib bera oladi. U ijod yo‘lining cho‘qqisida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bayrog‘i va gerbini yaratishda mualliflik qildi. Bu asarlar O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan yuqori baholanib, yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Izentayev san’at ravnaqiga qo‘shgan salmoqli hissasi va samarali ijtimoiy-siyosiy faoliyati uchun faxriy unvonlar, davlat ordeni-medallari va mukofotlari bilan taqdirlangan.
Unga O‘zbekiston xalq rassomi, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi va Berdaq nomidagi Davlat mukofoti berilgan. Uning “Qoraqalpog‘iston – mening Vatanim” turkum kartinalari uchun vafotidan keyin 2013-yilda O‘zbekiston Davlat mukofoti berildi. Akademik Jolliboy Izentayev o‘zining noyob ijodi va fidokorona ijtimoiy faoliyati bilan qoraqalpoq milliy madaniyati va san’ati ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shdi. Uning ajoyib asarlari O‘zbekiston tasviriy san’atining ajralmas qismi Qoraqalpog‘iston milliy tasviriy san’atining oltin fondidan munosib o‘rin egalladi.

Ustoz musavvir yaratgan so‘nmas asarlar bugun dunyoning turli burchaklaridagi galereyalarda saqlanib kelinmoqda. Eng muhimi, hozirgi kunda O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari Milliy arxivi saqlovidagi 1984-yilda suratga olingan Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori, Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, Qoraqalpog‘iston rassomlar uyushmasi raisi Jolliboy Izentayevning ijod chog‘idagi, Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilgan shaxsiy ko‘rgazmasi hamda Qoraqalpog‘iston rassomlari Ye.Yerimbetov va J.Izentayevlar aks ettirilgan fotohujjatlar davlat saqlovida noyob manba sifatida saqlanib kelinmoqda.
O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari
Milliy arxivi bo‘lim mudiri Saida Sherboyeva