Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Jadidlar izidan” tanlovning viloyat bosqichi yakunlandi
17:32 / 2025-11-19

Buxoro viloyatida yoshlarning ma’naviy olamini boyitish va ma’rifatparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida o‘tkazilayotgan “Jadidlar izidan” respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilish marosimida viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Hamza Elliyev ishtirok etib, jadid bobolarimizning ma’naviy merosi yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni, ma’rifatparvarlik harakating ahamiyatiga to‘xtaldi hamda barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.

Tanlovning ochilish marosimidan so‘ng barcha ishtirokchilar Buxoro shahridagi 43-umumta’lim maktabi hovlisida “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida qatnashdi. Mazkur ezgu tashabbus orqali maktab hududida yosh avlod uchun manzur bo‘ladigan yangi, ma’rifat va bunyodkorlik ruhi singdirilgan maskan yaratildi.

Yangi barpo etilgan bog‘ “Jadidlar izidan bog‘i” deb nomlandi. Bu nom ma’rifatparvar jadid bobolarimizning yurt kelajagi, ilm-ma’rifat, o‘zlikni anglash va uyg‘onish yo‘lida olib borgan ulkan islohotlarini yodga soladi. Bog‘ yaratish jarayoni esa ularning boshlagan ezgu yo‘lini davom ettirish, yoshlar qalbida bunyodkorlik va vatanparvarlik ruhini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tanlovda tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 26 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Ular ikki yosh toifasida, 3 ta shart asosida bahs olib bordi. Birinchi shart doirasida ishtirokchi o‘quvchilar jadidlar hayoti, faoliyati va asarlariga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Ular 10 ta savoldan iborat boshqotirmalarni to‘ldirib, o‘z tafakkuri, zukkoligi va tarixiy bilimlarini namoyon etdi. 

Tanlovning ikkinchi sharti doirasida ishtirokchilar jadidlarning muayyan asarlariga oid o‘z fikr, tahlil va xulosalarini 5-7 daqiqa davomida bayon etdi. Ushbu bosqich o‘quvchilardan nafaqat asar mazmunini puxta anglashni, balki matndagi g‘oya, badiiy ifoda va ma’naviy ma’nolarni teran tahlil qilishni talab qildi.

[gallery-26327]

Ishtirokchilar o‘z nuqtai nazarini ravon, asosli va mustaqil fikrlash ko‘nikmalari asosida ifoda etib, jadid bobolarimizning ma’rifatparvarlik merosiga bo‘lgan hurmat va qiziqishini yaqqol namoyon etdi. 

Tanlovning uchinchi shartida insho yozish sinovi o‘tkazildi. Insho davomida yoshlar jadidlar merosiga munosabatini, ularning g‘oyalari bugungi avlod tarbiyasidagi ahamiyatini, shuningdek, Vatan va millat ravnaqi yo‘lida ma’rifatning nechog‘lik muhim ekanini qog‘ozga tushirib, o‘z ijodiy qarashlarini namoyon etdi. 

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 6-8-sinf toifasida Buxoro tumani umumta’lim maktabi o‘quvchisi Muhammadali Holiqov, 9-11-sinf toifasida Vobkent tumani umumta’lim maktabi o‘quvchisi Aziza Turobova 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.