Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi 2-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida buyuk jadid alloma, adib va mutafakkirlarimiz boy ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish, yoshlarning bilim saviyasini oshirish hamda ma’naviy dunyosini boyitish maqsadida “Jadidlar izidan” respublika tanlovining shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda shahardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 6–8-sinf hamda 9–10-sinf o‘quvchilari ishtirok etib, uchta shart bo‘yicha jadidlarning hayoti va ijodiga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar.

– Jadidlar harakati — millatni uyg‘otgan, ma’rifat bilan taraqqiyotga yetaklagan tarixiy jarayon. Yoshlar bu allomalarning hayoti va faoliyatidan ibrat olishi lozim, – dedi shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri Samandar Ortiqov.

Natijaga ko‘ra, birinchi o‘rinni hamda viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini 6-7-8-sinflar o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada ishtirok etgan 5-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchisi Noila Toshtemirova, 9-10-sinflar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada esa 16 - sonli umum taʼlim maktabining oʻquvchisi Mohinur Obloqulovalar qo‘lga kiritishdi.

G‘oliblarga shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda xomiylar tomonidan esdalik sovg‘alar va tashakkurnomalar taqdim etildi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish mumkinki, Sirdaryo viloyati bo‘yicha mazkur tanlovda qatnashish, o‘z bilim va iqtidorlarini namoyish etish istagida bo‘lgan 14 325 nafar o‘quvchidan ariza qabul qilingan. Hozirda viloyatning barcha tuman va shaharlarida tanlovning mahalliy bosqichlari izchil o‘tkazilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri