Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Jadidlar izidan” tanlovida o‘z iqtidorlarini sinovdan o‘tkazishdi
14:11 / 2025-11-24

Guliston shahridagi 8-umumta’lim maktabida “Jadidlar izidan” respublika tanlovining Sirdaryo viloyati hududiy bosqichi qizg‘in va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Tanlovda ishtirok etgan o‘quvchilar jadidlar hayoti, faoliyati hamda ularning milliy ma’rifat yo‘lidagi ulkan xizmatlariga oid bilim va ko‘nikmalarini namoyon etishdi.

Tadbir yoshlarning tarixiy merosga bo‘lgan qiziqishlari va uni chuqur o‘rganishga intilishlarini yanada oshirdi.

Dastlabki shartda 9–10-sinf o‘quvchilari jadidlarga oid mavzularni qamrab olgan 10 ta boshqotirmani to‘ldirib, o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Boshqotirmalar ularning jadidlar harakati mohiyatini qay darajada anglaganini baholashda muhim ahamiyat kasb etdi. Keyingi bosqichda ishtirokchilar jadidlar hayoti va ijodiga oid savollarga 7 daqiqa davomida fikr-mulohazalarini bayon etib, nutq madaniyati, mantiqiy tahlil qilish qobiliyati va mustaqil fikrlash mahoratini namoyon qilishdi.

Uchinchi bosqich — insho yozish sinovida o‘quvchilar jadidlarning millat taqdiri, ma’rifat tarqatish va ta’limni rivojlantirish borasidagi xizmatlarini yoritgan holda o‘z ijodiy qarashlarini bayon etishdi. Ular jadidlar merosining bugungi kun uchun ahamiyati va uning zamonaviy yosh avlodni tarbiyalashdagi o‘rniga oid o‘ziga xos fikrlar bildirishdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 6–8-sinflar yo‘nalishida Guliston tumani 28-maktab o‘quvchisi E’zoza Abduazizova faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 9–10-sinflar toifasida esa Guliston tumani 13-maktab o‘quvchisi Rayhona Anorboyeva eng yuqori ball to‘plab, g‘olib deb topildi. Ikki nafar iqtidorli o‘quvchi viloyat bosqichida zafar quchib, respublika bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasiga ega bo‘lishdi. Endi ular mamlakatning eng bilimdon yoshlari bilan bellashish imkoniga ega.

Tadbir yakunida tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda boshqarma boshlig‘i Nargiza Xolboyeva va mas’ullar g‘oliblarga diplom hamda sovg‘alarni topshirib, ularning kelgusi o‘qish va ijodiy faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilashdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri