Poytaxtimizdagi "Simpoziumlar saroyi"da Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Jadidlar izidan” respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unga ta’lim sohasi mutasaddilari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, o‘quvchilar taklif qilindi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova mamlakatimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarda yoshlarning bo‘sh vaqtini unumli va mazmunli tashkil etish, ta’lim sifatini oshirish, ma’rifatparvar ajdodlarimiz merosini o‘quvchilarga sodda va tushunarli tarzda o‘rgatish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotganini e’tirof etdi.

Vazirlik tomonidan ikki yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan ”Jadidlar izidan” respublika tanlovi taraqqiyparvar bobolarimizning hayoti, faoliyati, ilmiy-ma’rifiy merosini yosh avlodga yetkazishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Bu yilgi tanlov har qachongidan ham baland ruhda o‘tkazilgani diqqatga sazovor. O‘quvchilar yangilanish yillarida barpo etilgan madaniy-ma’rifiy ob’ektlarga sayohat qildi. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi o‘g‘il-qizlarda katta taassurot uyg‘otdi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, 6-7-8-sinf yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rin Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanidagi 6-maktab o‘quvchisi Komilaxon Ko‘chqorovaga, 2-o‘rin Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi 79-maktab o‘quvchisi Mehmetjon G‘aniyevga, 3-o‘rin Buxoro viloyatining Buxoro tumanidagi 27-maktab o‘quvchisi Muhammadali Xoliqovga nasib qildi.
9-10-sinf yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rin Buxoro viloyati, Vobkent tumanidagi 18-maktab o‘quvchisi Aziza Turobovaga, 2-o‘rin Andijon viloyati, Buloqboshi tumanidagi 55-Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasasi o‘quvchisi Shodiya Adhamovaga, 3-o‘rin Namangan viloyati, Chortoq tumanidagi 1-maktab o‘quvchisi Abdulaziz Sobirovga nasib etdi.
Ayni paytda bir guruh pedagoglar va xorijlik o‘qituvchilar “Xalq ta’limi fidoyisi”, “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri