Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jadidlar harakati – hali ko‘p izlanishlarni kutayotgan mavzu
20:53 / 2024-07-12

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida jadidlar ilmiy merosi, milliy o‘zlikni anglash tarixi borasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti olimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

E’tirof etilganidek, keyingi yillarda tariximizni boricha o‘rganish, jadid bobolarimizning ibratli hayot yo‘lini keng miqyosda tadqiq etish masalasi ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti mazkur yo‘nalishda katta hajmdagi tadqiqotlarni olib borayotgani e’tiborga molikdir.

2021-2023 yillar davomida Fanlar akademiyasi Tarix institutida Jadidlar.uz platformasi yaratildi. Ushbu ma’rifiy loyihaning asosiy maqsadi – XIX asr oxirida Rossiya imperiyasining mustamlakachilik siyosatiga qarshi Turon xalqini birlashtirishga harakat qilgan, milliy ozodlik harakatining g‘oyaviy asoschilari bo‘lmish jadidlarning hayoti, faoliyati, ilmiy va ma’naviy merosini keng jamoatchilikka taqdim etishdan iboratdir.

– Jadidchilikka oid tadqiqotlarni yoshlarga yetkazmasak, bu izlanishlarning hech qanday foydasi yo‘q, – dedi akademik, taniqli tarixchi olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori Azamat Ziyo. – Imkon qadar jadidlarning ko‘pchiligi bo‘yicha ma’lumotlarni jamlashga harakat qildik. Ko‘plab olimlar, ekspertlar, Milliy arxiv, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligining arxivlari, Sharqshunoslik institutining olimlari, xorijiy ilmiy muassasalarning olimlari bu jarayonda faol qatnashdilar. Jadidchilik harakati boshqa davlatlarda ham bo‘lgan, biroq bizning diyorimizdagi jadidchilik harakati o‘z qamrovi, mazmun-mohiyati, ahamiyati, maqsad-muddaolari bilan ahamiyatli va betakrordir. Bu chindan ham milliy harakat, xalq harakati edi. Tasavvur eting, faqat Buxoroning o‘zida 3 mingdan ortiq jadidchilik harakati vakillari faoliyat ko‘rsatgan. Qo‘limizga kelib tushgan barcha ma’lumotlar puxta o‘rganilmoqda. Arxivlarda bu darajada ko‘p ma’lumotlar borligini tasavvurga ham sig‘dira olmadik.

Anjumanda ta’kidlanganidek, Jadidlar.uz platformasiga 245 nafar jadid ma’rifatparvarning ismi-sharifi kiritildi. Ulardan 172 nafar jadidning hayoti va faoliyatiga oid ma’lumotlar keltirilgan. Shuningdek, jadidlarning tarixi, til, adabiyot, san’at va boshqa yo‘nalishlardagi maqola va asarlarini izohli ro‘yxati shakllantirilib, barcha aniqlangan materiallar ushbu platformaga joylashtirildi.

Olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida ikki mingga yaqin maqola, adabiyot va ilmiy maqola jamlanib, ularning tahlili asosida Turkiston jadidchiligi adabiyotshunos, tilshunos mutaxassislar tomonidan keng qamrovli o‘rganilgani, taniqli jadid namoyandalarining asarlari nashr etilganligi aniqlandi. Ayni paytda shunday xulosaga kelindiki, jadidchilik harakati borasida bu jarayon hali hanuz to‘liq o‘rganilmagan ekan. Mazkur yo‘nalishda hali qanchadan qancha ilmiy izlanishlar o‘z yechimini kutmoqda.

Platformani yaratish asnosida Turkistonda yashab, ijod qilgan jadidlar haqidagi kutubxona, arxiv hamda muzey fondlarida saqlanayotgan barcha turdagi ma’lumotlar, maqola, risola, audio-video, fotomateriallar, jadidlarning shaxsiy buyumlari, ularga oid hujjatlar, ma’lumotlar aniqlanib, elektronlashtirildi. Aytish kerakki, Fanlar akademiyasi tarix instituti tomonidan ma’rifatparvar bobolarimizning ma’naviy merosi, ular faoliyatiga oid manba va hujjatlar, jadidlarning tarix, til, adabiyot va boshqa yo‘nalishdagi asarlarining izohli lug‘ati tuzildi, tasniflandi, tarixiy qiymati o‘rganildi. Jadidlar hayoti, faoliyatiga oid maqolalar, hujjatlar, boshqa materiallar aniqlanib, elektronlashtirildi. Jadidlarning «Oyina», «Samarqand», «Sadoyi Turkiston», «Sadoyi Farg‘ona», «Najot», «Inqilob», «Haqiqat», «Maorif va o‘qituvchi», «Ishtirokiyun», «Turkiston», Qizil O‘zbekiston», «Mehnatkashlar tovushi», «Farg‘ona» kabi gazeta va jurnallarda chop etilgan tarixiy, adabiy-ilmiy-lingvistik yo‘nalishdagi maqolalari tadqiq etildi. Davriy nashrlardagi jadidlar qalamiga mansub arab va lotin imlosidagi maqolalar joriy imloga (tabdil) o‘tkazilib, ularning elektron bazasi yaratildi, shu asosida maqolalar chop etildi.

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga batafsil javob qaytarildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA