Aholisining aksariyat qismini musulmonlar tashkil etadigan mamlakatlarda, shu jumladan, yurtimizda ham tarixdagi mafkuraviy o‘zgarishlar davrida dindan targ‘ibot vositasi sifatida keng foydalanilgan.
Sababi oddiy – odamlarga din orqali biror yangilikni tushuntirish oson va ishonchli.
Biz quyidagi material orqali jadidlar davri matbuotida aks etgan diniy masalalarning ayrimlarini o‘rganishga harakat qilamiz.
XIX asr boshida Rossiya imperiyasida yuz bergan siyosiy inqiroz oqibatida imperator 1905 yilda bir qator siyosiy huquq va erkinliklarni berishni ko‘zda tutuvchi Manifestni imzolashga majbur bo‘ladi.
Ushbu shart-sharoitlardan foydalangan holda Turkiston o‘lkasining Chor Rossiyasiga qaram bo‘lib qolgani, xalqining esa rivojlanishdan orqada qolib ketganini chuqur tahlil qilib, undan chiqish yo‘llarini qidirayotgan ma’rifatparvarlar milliy nashrlarni tashkil eta boshlaydi.
Ularni “Nega biz mustaqilligimizni yo‘qotdik? Nima sababdan biz mustabidlik zanjiriga tushib qoldik? Mustabidlik zanjiridan qutilib, mustaqillik nash’asini topishning iloji topiladimi? Buning uchun nimalar qilish kerak?” (Do‘stqorayev B. «O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi». T.: G‘.G‘ulom nomidagi matbaa-nashriyot uyi. 2009. 108-b.) degan savollar qiziqtirar edi.
1906 yilning 27 iyun kuni dunyo yuzini ko‘rgan “Taraqqiy” gazetasi ushbu nashrlarning birinchisi hisoblanadi. Va albatta, keyinroq milliy nashrlar soni ko‘paya boshlaydi.
Jadidlar matbuot yordamida asosan ta’lim orqali xalqning dunyoqarashini o‘zgartirishni maqsad qilgan bo‘lsalar-da, xalqning kimligi, qanday e’tiqod sohibi ekani hamda shunga munosib bo‘lish lozimligi haqida goh-goh eslatib turadi. Ba’zida mualliflar buning “badalini” to‘lashga majbur ham bo‘ladi.
Masalan, Mirmuhsin Shermuhammad o‘g‘li “Ikki tarixiy voqea” maqolasidagi (“Turon” gazetasi, 1917 yil, 2-soni) Buxoroning ulamolari to‘g‘risida “sudrama chopon” va “Talabalarning yarim umrlarin to‘zon qilub ko‘kka uchirg‘on, muqovasi qalin “Sharhi mullo”lar endi otilub tashlanur-da, oning o‘rniga shoyad yangi qoida ila yozilgan darsliklar o‘qitilur ham o‘qilur” iboralarini ishlatgani uchun Islom diniga, shariatga nisbatan haqorat, deb baholanib, 8 oy qamoq jazosiga hukm qilinadi.
Ubaydulla Asadullaxo‘jayev boshchiligida Toshkent shahrida chop etilgan “Sadoi Turkiston” gazetasi sahifalaridagi xabarlardan birida “cherkov” so‘zi o‘rniga “butxona” so‘zi ishlatilgani sababli tahririyat muharriri va xodimlari sudga chaqiriladi.
Shuningdek, ushbu nashr din masalalarini nisbatan kam yoritgan bo‘lsa-da, o‘sha davr uchun nihoyatda zarur bo‘lgan masalalar – Turkiston musulmonlarining Rossiya qonunlarini bilmasligi oqibatida yer sotish hamda nikoh paytida ayolga va’da qilingan mahrni vaqti kelib rasmiylashtirish Rossiya sudlari amaliyotida qanday tugayotgani kabi muammolar bayon etilgan Ubaydulla Asadullaxo‘jayevning “Shariat va zokun nazarida bizim tuprog‘ ishlari” maqolasi e’lon qilingan (Do‘stqorayev B. «O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi». T.: G‘.G‘ulom nomidagi matbaa-nashriyot uyi. 2009. 225-b.).
Mahmudxo‘ja Behbudiy “Oyina” jurnalida chop etilgan “Turkiston” sarlavhali maqolasida o‘lkaning geografik o‘ziga xosligi, aholisi, hududlari haqida ma’lumotlarni bayon etib, aholining 95 foizini musulmonlar, qolgan 5 foizini esa nasroniy va yahudiylar tashkil etishini ham eslatib o‘tadi (“Oyina” jurnali, 1913 yil, 1-soni).
Ushbu nashrda chop etilgan Mirzo Qosimning “Andijonda araqxo‘rlik” maqolasida ichkilikbozlik tanqid qilinib, shahardagi do‘konda 14 ming chelak yoki 280 ming shisha aroq sotilgani, ushbu sotilgan aroqning 90 foizini musulmonlar, 10 foizini esa nasroniylar ichganini eslatib o‘tadi (“Oyina” jurnali, 1914 yil, 18-soni).
Jadidlar matbuotining bir oz keyingi davrida ayrim diniy masalalar muhokama qilina boshlanadi va bu borada taraflarga bo‘linish holatini kuzatish mumkin.
Masalan, Toshkent shahrida chop etilgan “Al-Isloh” jurnalida yevropacha liboslarni kiyish, musulmonlar uchun noodatiy taomlarni iste’mol qilish, hayvonlarni so‘yish, metal qoshiq va sanchqida ovqatlanish, stol atrofida stulda o‘tirish, ayollar ta’limi va liboslari, musiqaning halol yoki haromligi kabi masalalar keng muhokama qilinadi.
Shuningdek, zamonning barcha masalalariga shariat nuqtai nazaridan yondashish, davr, sharoit talabi va taqozosiga ko‘ra isloh va yangilanish tarafdori bo‘lgan “Al-Izoh” jurnalida maishiy hayotda uchraydigan voqealar bilan bog‘liq – osmonda uchib ketayotgan qush sho‘rva tayyorlanayotgan qozonga tushib o‘lsa, shariat nuqtai nazaridan sho‘rva hololmi, harommi, degan savol qo‘yiladi (“Al-Izoh” jurnali, 1917 yil, 1-soni).
Diniy mavzulardagi mualliflar ikki guruhga bo‘linadi. Birinchi toifa mualliflar Islom nuqtai nazaridan o‘zgarishlarga moslashishni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, ikkinchi toifa esa bu o‘zgarishlarga qarshi bo‘lgan.
Ma’rifatparvarlar diniy masalalarda fikr yuritishga, uning asl mohiyatini xalqqa yetkazishga boshqalardan ko‘ra ko‘proq haqli edilar. Sababi, Mahmudxo‘ja Behbudiy muftiy edi, Sadriddin Ayniy mudarris edi, Munavvar qori Abdurashidxon o‘g‘li, Abdurauf Fitrat, Abdulqodir Shakuriy va boshqalar madrasalarda tahsil olgan.
Amerikalik tarixchi olim va antropolog Adib Xolidning yozishicha, jadidlar, ular yashab turgan jamiyat haqiqiy e’tiqoddan yiroq, ajdodlardan meros qolgan ko‘plab urf-odatlar va an’analar buzuq, ularning Islomga zid jihatlari bor, islohotga muhtoj ko‘plab masala bor, deb hisoblashgan.
Umuman olganda, o‘sha davrda diniy mavzularda yozish, shar’iy masalalarni muhokama qilish, ayniqsa, taraflarga bo‘linish boshqa mavzularga qaraganda muallif va tahririyatlar uchun nisbatan xatarli bo‘lmagan. Chunki mahalliy aholi ziyolilari o‘rtasida ixtiloflarning yuzaga kelishi, ularning guruhlarga bo‘linib ketishi imperiyaning manfaatlariga mos kelar edi.
Ortiqxo‘ja Norov