Vatanimiz tarixidagi 12 iyun sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1873 yil (bundan 152 yil oldin) – Xiva xoni Said Muhammad Rahimxon II ning mamlakatdagi barcha qullarni ozod qilish, xonlikda qul mehnatini tugatish to‘g‘risidagi farmoni e’lon kilindi. Mazkur farmon xon amaldorlari tomonidan darhol ijro qilinib, kullar ozod etildi. Xonning bu farmonini jarchilar Xiva ko‘chalarida va xonlikning boshqa qal’alarida, bozorlarida o‘qib, xalqqa yetkazdilar. Shundan keyin xonlikdagi qullarning asosiy qismi vatanlariga ketib, xonlikda qolganlari esa uyli, yerli, mulkli bo‘lib, mamlakatning yerli fuqarolari bo‘lib qoldilar.
1886 yil (bundan 139 yil oldin) – Rossiya imperatori tomonidan Turkistonda milliy davlatchilikning barcha ko‘rinishlarini tugatishga va rus idora uslubini joriy etishga qaratilgan “Turkiston o‘lkasini boshqarish haqida”gi Nizom tasdiqlandi.
1893 yil (bundan 132 yil oldin) – Buxoro amiri Abdulahadxon Shahrisabzda Ismoil Gasprinskiy va Majid G‘anizodani qabul qilib, Ismoilbekka tashrifi uchun minnatdorchilik bildirdi. Ma’lumot o‘rnida qayd tish joizki, 1893 yilning fevral oyida amir Bog‘chasaroy, so‘ngra Sevastopol shahriga boradi va u yerda Ismoilbekni qabul qilib, suhbatlashadi hamda uni Buxoroga taklif qiladi. Amirning Buxoroga taklifini mamnuniyat bilan qabul qilgan Ismoilbek Buxoroga birinchi safari oldidan “Tarjimon” gazetasida amirlikka oid maqolalar bosadi. Bularda Abdulahadxonni “Ma’rifatli amir”, “Buxoro hayoti va davlat boshqaruvini isloh qilishga intilayotgan yosh amir” sifatida ta’riflaydi. Ismoilbek 1893 yilgi Buxoro amirligiga qilgan sayohati taassurotlari asosida “Turkiston sayohatlari” nomli asarini yozadi.
1917 yil (bundan 108 yil oldin) – Butun Turkiston musulmonlarining birinchi qurultoyida tashkil etilgan Milliy markazning 12 iyundagi yig‘ilishida barcha jamiyat va uyushmalarning Markaziy musulmon deputatlari Sho‘rosiga bo‘ysunishi haqida Nizom qabul qilindi. Markazning maqsadi xalqning eng quyi qatlamlariga to‘liq huquq berish va Turkiston musulmonlarini madaniy, ilmiy, iqtisodiy va g‘oyaviy rivojlantirishdan iborat edi.
1941 yil (bundan 84 yil oldin) – SSSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining shu kuni bo‘lib o‘tgan Ilmiy kengashida Navoiy asarlarining ilmiy-tanqidiy matnini yaratish masalasi muhokama qilindi. Yig‘ilish Navoiy asarlari matnini arab yozuvida nashrga tayyorlash zarur, degan qarorga keldi. Prof. A.A.Ramaskevich Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn”, A.N.Kononov “Mahbub ul-qulub”, X.G.Rafiqov “Mezon ul-avzon” asarlarini nashrga tayyorlash ishlari qanday borayotgani haqida axborot berdilar. Yig‘ilishda ishtirok eta olmagan Ye.E.Bertels esa o‘sha kunlarda “Muhokamat ul-lug‘atayn”ning ilmiy-tanqidiy matnini tugatish arafasida edi.
Bu olimlardan tashqari, rossiyalik sharqshunos-tarjimonlar ham Navoiy asarlarini rus tiliga tarjima qilishga katta ishtiyoq bilan kirishgan edilar. Ular nonsiz, oziq-ovqatsiz qolganlariga qaramay, harbiy qism va kasalxonalarda, korxonalarda ko‘plab ijodiy kechalarni o‘tkazdilar, radio orqali aholining tushkun ruhini ko‘tarishga yordam beruvchi so‘zlarni aytdilar, she’rlar o‘qidilar. Taniqli shoir va tarjimon V.Rojdestvenskiy fors-tojik adabiyotining ayrim namoyandalari ijodi bilan biroz tanish bo‘lgan. Lekin Navoiy ijodi uning uchun hali sir to‘la olam edi. U leningradlik olimlarning ulug‘ o‘zbek shoiri ijodi bilan shug‘ullanayotganlaridan xabar topib, shu xayrli ishga o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘ladi.
V.Rojdestvenskiy Navoiy ijodi bilan tanishgani sayin uning jahon adabiyotining daho siymolaridan biri ekanini kashf eta boradi. U dastlab Navoiy ijodi haqida maqola yozmoqchi bo‘ladi. Ammo do‘sti Nikolay Lebedevning shoir ijodidan qilgan tarjimalarini o‘qib, o‘zi ham Navoiy asarlaridagi badiiy latofatni rus kitobxonlariga yetkazish ishiga kirishadi. Shu tarzda u shaxsiy tashabbusi bilan leningradlik olim va tarjimonlar safiga kelib qo‘shiladi. Ammo ko‘p o‘tmay, Rojdestvenskiy harbiy xizmatga chaqirilib, tarjimonlik qalamini miltiqqa almashtirishga majbur bo‘ladi.
1943 yil (bundan 82 yil oldin) – ulamolar Abdurazzoq Eshon Muhammad Alimov, Akramxon Tozixonov va Mulla Sodiq Islomov Eshon Boboxon boshchiligida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy markazini tuzish to‘g‘risida SSSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi nomiga maktub jo‘natdi.
1946 yil (bundan 79 yil oldin) – aktyor, rejissyor, O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev tavallud topdi. U kinoda “Shaytanat”dagi Asadbek roli bilan shuxrat qozongan. Uning ijodi ijtimoiy, falsafiy va g‘oyaviy mazmun ila yo‘g‘rilgan bo‘lib, qahramonlar xususiyatini, ijtimoiy muhit bilan munosabatlarini, ichki dunyosi va kechinmalarini psixologik o‘tkir tarzda talqin etishi bilan ajralib turadi.
1957 yil (bundan 75 yil oldin) – Havoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori, texnika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Qahramoni Quvondiq Sanaqulov tavallud topdi. U bilim va mahorati, iste’dodini sevimli kasbi, ilm-fan va munosib shogirdlarni tarbiyalashdek ezgu ishga bag‘ishlab, yurt ravnaqiga xizmat qilishni hayotining mazmuni deb bilgan insonlardan biridir. Quvondiq Sanaqulovning mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish va islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishdagi katta xizmatlari, ko‘p yillik samarali mehnati munosib taqdirlangan. Jumladan, u 2004 yilda «Do‘stlik» ordeni, 2009 yilda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi» faxriy unvoni, 2011 yilda «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni, 2015 yilda «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan. Oliy Majlis Senati a’zosi sifatida ham o‘ziga yuklatilgan vazifani vijdonan bajarib kelmoqda.
1994 yil (bundan 31 yil oldin) – Namangan viloyatidagi Mingbuloq konida ishga solingan birinchi quduqdan sanoat nefti olindi.
2012 yil (bundan 13 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy kinokompaniyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida filmlarni kino va video tasvirga olish tartibi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, ma’naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini yanada rivojlantirish hamda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni izchil davom ettirish maqsadida Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyi tashkil etildi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xiva shahrida Xalqaro etnosport festivalini o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA