XIX asr oxiri — XX asr boshlarida shakllangan jadidchilik harakati nafaqat milliy uyg‘onish, balki butun musulmon Sharqi intellektual qayta tiklanishining muhim bosqichi sifatida tarixga kirdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “O‘z zamonining ilg‘or namoyandalari bo‘lgan jadidlar g‘oyat murakkab va qiyin sharoitda bilim va ma’rifat tarqatish, ta’lim-tarbiya sohasini tubdan isloh etish orqali milliy taraqqiyotga erishish g‘oyasi bilan maydonga chiqdilar”. Bugungi kunda mazkur g‘oyalar Yangi O‘zbekiston strategiyasida yangi mazmun va ko‘lam bilan qayta namoyon bo‘lmoqda.
Bundan roppa-rosa ikki yil oldin Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev jadid bobolarimizning g‘oyalari Yangi O‘zbekiston strategiyasi bilan hamohangligi to‘g‘risida shunday degan edi: “Ma’rifatparvar ajdodlarimizning merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishi tabiiydir. Chunki ularning g‘oya va dasturlari Yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uyg‘un va hamohangdir”.
Keling, ushbu uyg‘unlikni atroflicha ko‘rib chiqaylik:
Birinchidan, Yangi O‘zbekiston strategiyasida “inson qadri” tamoyili bosh mezonga aylandi. U inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, inson kapitali, ta’lim sifati, ijtimoiy adolat va tenglikni ta’minlashga qaratilgan. Bu esa jadidlarning jamiyatda ijtimoiy tenglikka erishish, aholining mehnat va ijtimoiy huquqlarini muhofaza qilish yo‘lidagi intilishlari bilan mushtarakdir.
Ikkinchidan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 1-bandida ta’lim tizimi islohotlariga alohida urg‘u berilgan. Bunda maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, professional ta’lim tizimini rivojlantirish orqali o‘quvchilarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga o‘rgatish, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olishni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, barcha yo‘nalishlarda innovatsion faoliyatni keng joriy etish, ilmiy tadqiqotlarni va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash asosiy maqsad sifatida belgilangan.
O‘z davrida jadid bobolarimiz ham millat taraqqiyoti avvalo ma’rifatdan, bilim va mahoratdan boshlanishini ta’kidlab, birinchi galda usuli jadid maktablari faoliyatini yo‘lga qo‘yganlar. Ular maktablarda zamonaviy fanlarni joriy etib, bolalarni erkin fikrlaydigan, mustaqil va tanqidiy qarashga ega shaxslar etib tarbiyalashni maqsad qilganlar. “Samarqand” gazetasining 1913-yil 9-avgustdagi sonida turkistonlik jadidlardan biri Hoji Muin Shukrullo “Yoshlarg‘a murojaat” maqolasida shunday deydi: “Millatning taraqqiysi aning avvali muntazam maktablaridan boshlanur. Agarda biz dinimizni, millatimizni yaxshi ko‘rub, muhofaza qilmoqchi bo‘lsak, avval saodat eshigi bo‘lgan maktabimizni zamong‘a muvofiq isloh qilish kerak”. Bu fikrlar bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Jadidlarning “ta’lim orqali milliy uyg‘onish” g‘oyasi bugungi ta’lim islohotlarining asosiy mazmunini tashkil etadi.
Uchinchidan, Yangi O‘zbekistonda davlat va jamiyat boshqaruvi ochiqlik, jamoatchilik nazorati, inson huquqlari, parlament va mahalla institutlarini kuchaytirish bilan tavsiflanadi. Jadidlar ham jamiyatda faol fuqarolik munosabatlari va jamiyat manfaatiga xizmat qiluvchi davlat modelini orzu qilgan edilar.
Jadidlarning Turkiston muxtoriyatini tuzish bo‘yicha eng mashhur dasturi – “Turk adami markaziyat (federalchilar) firqasi”ning maromnomasi”da bu g‘oyalar o‘z aksini topgan. Taniqli jadidshunos olim Boybo‘ta Do‘stqorayevning ilmiy tadqiqotlarida ular quyidagicha sharhlangan: “Firqa o‘z maromnomasida ilgari surgan jamiyat tizimi demokratik bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Bu, ayniqsa, maromnomadagi “Muxtoriyatli qit’alardagi ahliyat (fuqarolik) huquqi” qismida yorqin ko‘zga tashlanadi. Unda aholi qaysi din va qaysi mazhabda bo‘lishidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi: fuqarolarga chin ma’nosi-la vijdon erkinligi berilishi, bironta din va mazhab hukumat tomonidan boshqalaridan ustun qo‘yilmasligi; har bir fuqaro o‘z fikrini aytish, matbuot yoki boshqa nashr vositalari orqali bayon etish huquqiga egaligi: fuqarolarning yuzaga keladigan muammolarni hal qilish uchun yig‘inlar o‘tkazish, jamiyatlar tuzish huquqi bo‘lishi, buni(ng) uchun “hech kimdan ruxsat so‘ramoqga ehtiyoj yo‘qligi”, shaxs erkinligi, oila muhofazasi daxlsiz bo‘lishi, tegishli mahkamalarning qarorisiz bironta ham fuqaroning uyiga bostirib kirib tintuv o‘tkazish, xat va kitoblarini tekshirish mumkin emasligi kabi moddalar aks etgan”.
Tan olish kerakki, bundan 100 yil oldin jadid bobolarimiz tomonidan yaratilgan mazkur hujjatdagi tartib-qoidalarning aksariyati mustaqil O‘zbekiston qonunchiligida o‘z ifodasini topgan.

To‘rtinchidan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 38-bandida jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy g‘oya asosida birgalikda kurashish, oila, maktab va mahalla hamkorligini mustahkamlash va shu asosda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash belgilangan.
Jadid bobolarimizning g‘oyaviy qarashlarida ham bu holat o‘z aksini topgan. Ular dunyoviy ilm-fanni ulug‘lab, taraqqiyotga erishish uchun xalqni ushbu ilmlarni o‘rganishga da’vat qilishgan bo‘lsa-da, asriy milliy qadriyatlar va axloq-odobni himoya qilishni ham unutmaganlar.
Bu borada ma’rifatparvar bobomiz Cho‘lponning quyidagi so‘zlari fikrimizning dalilidir: “Ey qarindoshlar... katta iltimosimiz shuldurki, Ovro‘paning mo‘dosidan, shishasidan, buzuq axloqidan namuna olmasdan va bunlarga bul jihatdan taqlid qilmasdan, balki ilm, fan, hunar, sanoatga o‘xshashlik madaniyatlardan namuna olib, bul jihatdan taqlid qilmoqimiz lozimdur. Ovro‘paning mo‘dosi va buzuq axloqi sizlarni xonavayron, bevatan, asir-qul qiladur. Bundan saqlaningiz!!!” (“Sadoyi Farg‘ona” gazetasi, 1914-yil 6-iyun). Ommaviy madaniyat unsurlari va mafkuraviy xurujlar avj olayotgan hozirgi zamonda ham Cho‘lponning bu so‘zlari ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib jaranglayveradi.
Beshinchidan, ma’rifatparvarlik islohotlarini amalga oshirish uchun jadidlarga moddiy qo‘llab-quvvatlov juda zarur edi. Shu bois ular mamlakat boylarini yurt kelajagi uchun xayriya qilishga undaganlar: bu borada o‘zlari o‘rnak ko‘rsatib, oshiqcha mol-mulklarini sotib bo‘lsa-da, usuli jadid maktablarini ochganlar, yoshlarni xorijga o‘qishga yuborganlar. Chet elda ilm olib qaytgan millat farzandlari ko‘magida o‘lkada sanoat va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatini yo‘lga qo‘yib, iqtisodiy mustaqillikka erishishni ham maqsad qilganlar.
Ushbu g‘oya “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida amaliy mazmun bilan yanada boyitilib, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, sanoatning “drayver” sohalarini rivojlantirish va hududlarning sanoat salohiyatini to‘liq ishga solish, milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini kuchaytirishga yo‘naltirilgan alohida maqsadlarni amalga oshirish belgilangan.
Oltinchidan, jadid bobolarimiz yurtimizda milliy qo‘shin barpo etish orzusida bo‘lganlar. Xususan, 1917-yil noyabrda Turkiston muxtoriyati e’lon qilingach, o‘lkamizda milliy qo‘shin safiga yozilish tashviqoti boshlanadi. 1918-yil 17-yanvar kuni Toshkentda “Ishchilar dunyosi” jurnalining 2-sonida G‘ulom Zafariyning “Quvvatimiz askardir” maqolasi chop etiladi. U: “Himmatparvar turkistonlilar! Biz turkistonlik turk bolalari Muxtoriyat e’lon etdik. Endi Muxtoriyatimiz barqaror o‘lsun desak, bizga quvvat lozim. Ul quvvat askarlikdir. Quvvatimiz bo‘lgan askarlikka jon-dil ila boqub, qalbimizni unga tuhfa etaylik. Aslo unutmaylik. Och, suvsiz tursak ham boshqa bir narsaga qaramasdan faqat qahramon askarimizni tushunaylik! Zero, bu islomiyat, bu turklik, bu millat buning ila yashaydir. Buning ila buyuk bo‘ladir. Buning ila shon beradir, buning ila hayot bo‘ladir, buning ila muzaffariyatga noil o‘lub jahonni titratadir. Buning ila ajdod atomiz bo‘lgan fotihlarning, qahramonlarning ruhlarini shod etaylik, moziyimizni xotira keltirib istiqbolimizni ta’yin etaylik”, deya chorlaydi.

Afsuski, Turkiston muxtoriyati qonga botirildi. Uning mudofaasi uchun jonini tikkan ne-ne yigitlar qoni daryo bo‘lib oqdi.
Jadidlarning milliy qo‘shin barpo etish orzusi oradan 75 yil o‘tib, O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng amalga oshdi. Mana, bugun kuchli milliy armiyamiz bor. Qahramon askar va ofitserlar yurtimiz tinchligi va xavfsizligini ta’minlab turibdi.
Zamonaviy avlod jadidlarning jasorati va mafkuraviy merosidan kuch olmoqda. Demak, jadid bobolarimizning tarixiy orzu-umidlari bugun yangi mazmunda ro‘yobga chiqmoqda.
Jadidchilik — bu faqat tarixiy harakat emas, balki bugungi milliy taraqqiyot strategiyasining ma’naviy-ilmiy asosidir. Yangi O‘zbekiston o‘z islohotlarini amalga oshirar ekan, jadidlarning ta’lim, ma’rifat, iqtisod, jamiyatni zamonaviy asosda yangilash haqidagi g‘oyalari yanada mukammal va hayotiy shaklda tatbiq etilmoqda.
Olimjon O‘SAROV,
Mudofaa vazirining vatanparvarlik targ‘iboti,
ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi