Jadidchilar poraxoʻrlikka barham berish, inson huquqlarini tiklash talablari bilan chiqqan
Buxorodagi jadidchilik harakatining yetuk namoyandalaridan biri Abdurauf Fitrat (1886-1938) umri, isteʼdodi va qobiliyatini Vatan ozodligi, millat ravnaqi va xalq farovonligi uchun sarfladi.
31-avgust – Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni
Buxorodagi jadidchilik harakatining yetuk namoyandalaridan biri Abdurauf Fitrat (1886-1938) umri, isteʼdodi va qobiliyatini Vatan ozodligi, millat ravnaqi va xalq farovonligi uchun sarfladi.
Turkiyada tahsil olib qaytgan Fitrat Osiyo va Yevropadagi rivojlangan davlatlardagi taraqqiyotdan xabardor boʻlib, oʻz yurtini ham shunday mamlakatlar qatorida koʻrishni orzu qildi va bu yoʻlda mehnatini ayamadi. U “Hindistonda bir farangi ila buxorolik bir mudarrisning usuli jadid xususida qilgʻon munozarasi”, “Hind sayyohi bayonoti”, “Rahbari najot”, “Oila” kabi asarlari va sheʼrlari orqali maʼrifatparvarlik, ozodlik, taraqqiyparvarlik gʻoyalarini targʻib qildi.
Istanbulda nashr etilgan “Hind sayyohi bayonoti” asarida oʻlka hayotining koʻplab muammolari – xalqning nochor hayoti, harbiy nozirlarning intizomsizligi, shahar va uning atrofidagi qishloqlarning ekologik ahvoli, el sogʻligʻini saqlash – tabobat va davolash usullari, sanoat va ishlab chiqarishning nochor holati, qozixonalar ishi, qator viloyatlarning milliy gazetaga muhtojligi, yoʻl qurilishi, hatto temir yoʻllar, dehqonchilik va hunarmandchilik – hayotning barcha sohalari keskin islohga muhtoj ekani hind sayyohining nazari orqali idrok qilindi.
“Najot yoʻli” asarida esa, millatni qoloqlikdan qutqarish yoʻli haqida fikr bildirib, islom dinining muqaddas kitobi — Qurʼoni karim taraqqiyotga olib boradi, deb bildi. Bu muqaddas kitob va islom dini gʻoyalari atrofida millatni jipslashtirishga daʼvat etdi. Uning fikricha, Qurʼoni karim – bu ilm va maʼrifatdir, ota-bobolarimiz har sohada, ayniqsa, ilm va maʼrifatda olam ahli uchun ibrat va namuna boʻlgan, ular har bir ilmning asosiy mohiyatini yaxshi bilib, undan yaxshigina istifoda va isteʼmol qilganlar.
Fitrat dastur ahamiyatiga ega risola va maqolalarni eʼlon qilibgina qolmay, bu asarlar zamirida yotgan asosiy gʻoya – maʼrifatparvarlik faoliyati bilan amaliy jihatdan ham shugʻullandi. Yangi usuldagi maktablar ochish bilangina jadidchilik harakati oldida turgan maqsadlarga erishib boʻlmasligini anglagan holda soliqlarni kamaytirish, dehqonlar ahvolini yaxshilash, amaldorlar oʻrtasida avj olgan poraxoʻrlikka barham berish, ularni cheklash, insonlar haq-huquqlarini tiklash kabi talablar bilan chiqdi.
Abdurauf Fitrat asarlar yozishdan tashqari, Buxoro jadidchilik harakatining koʻzga koʻringan vakili sifatida amaliy harakatlar olib bordi. Sobitqadamlik bilan mamlakatda mavjud boʻlgan mutlaq monarxiya tartiblarini bekor qilib, respublika tuzumini oʻrnatish tashabbusi bilan chiqdi. Bu maqsad atrofida koʻp yoshlarni jipslashtirdi. Buxoro amirligi oʻrnida tashkil etilgan Buxoro Xalq Sovet Respublikasi davlatida yuqori lavozimlarda faoliyat yuritdi va mamlakatning taraqqiy etishiga munosib hissasini qoʻshdi. Sovet hokimiyatining mustamlakachilik siyosatiga qarshi oʻz fikrlarini mustaqil bayon eta oldi. Shuning uchun “xalq dushmani” sifatida qoralanib, xalqimizning koʻplab isteʼdodlari qatorida 1938-yilning oktyabr oyida qatl etildi.
Abdurauf Fitrat oʻzbek xalqining isteʼdodli va noyob qobiliyatga ega asl farzandi edi. Bugungi kunda uning ilmiy va maʼnaviy merosi koʻplab olimlar tomonidan tadqiq qilinmoqda. Xalq ozodligi va millat ravnaqi uchun koʻrsatgan jasorati esa xalqimiz qalbida yashaydi va abadiy unutilmaydi.
Dilnoza Jamolova,
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori.