Jadidlar ta’limni modernizatsiya qilish, ma’rifatparvarlik ruhini targ‘ib qilish yo‘lidagi fidoyiliklari tarixda o‘chmas iz qoldirdi. Davlatimiz tarixi va xalqimizning shonli o‘tmishi yetuk olim, ziyoli va jamoat arboblari ismlari bilan to‘la.
Ular hamma vaqt xalqimizning yuksalishi, adolat, tenglik, eng asosiysi, ilm-ma’rifat uchun kurashgan. Zamonasining har qanday sinovlarini yengib o‘tib, bu yo‘lda jonini ham fido qilgan. Ularning hech bir faoliyati izsiz yo‘qolmagan, ulardan qolgan ilmiy me’ros nafaqat yurtimizda, balki butun dunyodagi yirik universitetlar, kutubxona va ilmiy markazlar tomonidan tadqiq qilinmoqda, tengi yo‘q qo‘llanma bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shunday ajdodlarimizning bir guruhi XIX asr oxiri XX asr boshlarida milliy mustaqilligimiz va ilm-ma’rifat yo‘lida kurashga chiqqan jadidlardir. Ular milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishda va ozod davlat qurishda islohotlarni, eng avvalo, yoshlar va ta’limdan boshlash kerakligini ta’kidladi. Jadidchilik harakatining asosiy tamoyillaridan biri ta’limning jamiyatdagi o‘zgarishlarga katalizator sifatida ko‘rilishi edi. Ular zamonaviy pedagogik usullardan foydalangan holda talabalarda tanqidiy fikrlash, izlanuvchanlik va tirishqoqlik kabi ko‘nikmalarni uyg‘otdilar.
Jadidlar ta’lim-tarbiyani faqat maktabda o‘rgatiladigan vosita emas, balki bu o‘quvchida mustaqil fikrlash va ijodkorlik ruhini kashf etish, deb hisoblagan. Ular an’anaviy fanlar bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarga ham urg‘u beradigan yangi turdagi jadid maktablarini Toshkent, Buxoro, Qo‘qon kabi yirik shaharlarda tashkil etdilar.
"Jadidlar — millat qahramonlari" loyihasining bu galgi sonida Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti dotsenti Zavqibek Mahmudov jadidlarning ta’lim sohasida amalga oshirgan islohotlari haqida ma’lumot beradi.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/8jnsJXgd4r8" title="Jadid ta’limi islohotlari " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA