Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasiga qarashli “Zomin” bolalar yozgi sog‘lomlashtirish oromgohida “Qatag‘on qurbonlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirni Zomin tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari tashkil etdi.

Suhbat davomida davlatimiz rahbarining 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosi doirasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda hududlardagi oliy ta’lim muassasalari huzurida uning bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani haqida atroflicha tushunchalar berildi.
Muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘tgan asrning eng ayanchli sahifalaridan biri bo‘lgan siyosiy qatag‘onlar davrida nohaq ayblovlar bilan jabr ko‘rgan yurtdoshlarimizning hayoti, faoliyati va jasoratini o‘rganish, ularning xotirasini abadiylashtirish, shuningdek, bu tarixiy haqiqatni yosh avlod ongiga yetkazishdan iborat ekanligi alohida ta’kidlandi.

Muloqot davomida qatag‘on davri saboqlari, bu fojeaning jamiyat taraqqiyotiga ta’siri va mustaqillik yillarida ushbu qurbonlarning nomi tiklanganligi xususida ham ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari mashhur jadid ma’rifatchilari, adolatparvar olim va ziyolilarning murakkab taqdirlari, yurtga bo‘lgan sadoqati haqidagi hikoyalarni diqqat bilan tingladi. Mamlakatimiz mustaqilligi qanday og‘ir va mashaqqatli kurashlar bilan qo‘lga kiritilgani, bugungi erkin, ozod va obod hayotimizni asrab-avaylab, qadrlab yashashimiz kerakligi o‘quvchi-yoshlarga chuqur anglatildi.
– “Qatag‘on qurbonlari” xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir menda va tengqur dugonalarimda chuqur taassurot qoldirdi, – deydi oromgohda dam oluvchi o‘quvchilardan biri Dinara Umarova. – Mamlakatimiz 34 yil avval erishgan mustaqillik, qatag‘on qurboniga aylangan jadid bobolarimiz tomonidan mardonavor kurash olib borilgani haqidagi hayotiy hikoyalarni jon qulog‘imiz bilan tingladik. Biz ana shunday buyuk bobolarimizga munosib voris bo‘lib kamolga yetishimiz shart.
Mazkur tadbir yoshlarda tarixiy xotiraga hurmat, milliy o‘zlik va vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi, shuningdek, mustaqil O‘zbekiston tinchligi, barqarorligi va taraqqiyotini qadrlashga da’vat etadi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri