O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida sahnalashtirilgan “Jadidlar. So‘nggi kunlar” tarixiy dramasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Badiiy kengash a’zolari ko‘rigiga topshirilgan edi.
Mutaxassislar tomonidan ayrim kamchiliklar aytilgach, bir ovozdan ushbu spektakl qabul qilindi va premera uchun ruxsat etildi.
Mazkur tarixiy drama ulug‘ ajdodlarimizning yorqin va o‘chmas xotirasiga bag‘ishlanadi.
— Men sahnada tariximizdagi o‘sha mash’um voqealarni jonli ko‘rdim, hatto ko‘zimga yosh keldi, — dedi O‘zbekiston teatr arboblari uyushmasi a’zosi Tohir Do‘stmuhammedov. — Aktyorlar mahoratiga qoyil qoldim. Ilgari yosh tomoshabinlar teatri deyishganda ko‘pincha ertak pesalar qo‘yilib, yosh bolalarga shou o‘yinlar ko‘rsatiladigan teatr deb tushunishardi. Ammo bugun O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida mana shunday salmoqli, chuqur dramatizmga ega, tomoshabinga ibrat bo‘ladigan tarixiy asarni tomosha qilib, qattiq ta’sirlandim. Sahnamizda shunday asarlar ko‘paysin.
“Jadidlar. So‘nggi kunlar” spektakli Behbudiy, Qodiriy, Cho‘lpon, Munavvarqori, Fitrat kabi taraqqiyparvar bobolarimizning “xalq dushmani” sifatida qatag‘on qilingani, o‘sha davrdagi sotqinlik, sovet tuzumining nomaqbul siyosati haqida yaratilgan.
Muallif va postanovkachi rejissyor — Shuhrat Ibrohimov, rassom — Yevgeniya Biserova, musiqalarni Bahodir Zokirov tanlagan.
Rollarda Yodgora Ziyomuhammedova, Yo‘ldosh Ermatov, Rahmatilla Qurbonov, Abduhakim Halilov, Fayzulla Asqarov, Sanjar Islomohunov, Shavkat Isroilov, Sherzod Ahmedov, To‘lqin Xolmurodov va boshqalar ishtirok etmoqda.
Tez orada mazkur spektaklning katta premerasi o‘tkaziladi.
N.Usmonova,
O‘zA