Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasi doirasida O‘zA muxbiri Esvatini Qirolligi parlamenti Spikeri Jabulani Klement Mabuza (Janubiy Afrika) bilan suhbatlashdi:
– O‘zbekistonga birinchi marta kelishim. Juda yaxshi mamlakat ekaniga amin bo‘ldim. Parlamentlararo Ittifoqning yubiley assambleyasini yuksak saviyada tashkil etgani uchun o‘zbek xalqiga, davlatiga Esvatini Qirolligi delegatsiyasi nomidan minnatdorlik bildiraman.

Nufuzli anjuman uchun yaratilgan sharoitlardan juda ruhlandik va assambleya ishida faol ishtirok etdik.
Assambleya ishida parlamentlarning ayol vakillari ko‘proq ishtirok etgani Parlamentlararo Ittifoq maqsadi, qolaversa, assambleya kun tartibiga juda muvofiq keldi. Gender tenglik, ayollar, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan muhim masalalar haqida fikr almashildi va muhim hujjatlar qabul qilindi.
Bu qarorlarning dunyo bo‘ylab nafaqat parlament vakillari, balki dunyo davlatlari rahbarlari, hukumatlari tomonidan bajarilishi maqsadga muvofiq. Bu ijro etilar ekan, har bir mamlakat mas’ullari o‘z xalqiga, dunyo xalqlariga nisbatan hurmatini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston haqida yana to‘xtalib o‘tsam. Prezidentingiz faoliyati – yaxshi rahbarlik namunasi ekanini e’tirof etmoqchiman.
Norgul Abduraimova, O‘zA