Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jabrlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash tizimi kuchaymoqda
16:58 / 2025-09-11

Prezidentimizning 2024 yil 10 maydagi “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida o‘quv-trening tashkil etildi.

Tadbirda viloyatning bir qator tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xizmatchilar bilan bir qatorda tibbiyot xodimlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va mahalla vakillari ham ishtirok etdi. Ular uchun “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar bilan ishlash” mavzusida maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi malaka oshirish markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan trening BMT Aholishunoslik jamg‘armasi – UNFPA, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi hamkorligi va Buyuk Britaniya hukumati ko‘magida olib borildi.

Trening davomida ishtirokchilarga Prezident qarori mazmun-mohiyati, jabrlanuvchilarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi muhim vazifalar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, mutaxassislar “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar bilan ishlash” mavzusida ma’ruzalar o‘qib, hayotiy vaziyatlar asosida amaliy tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi.

O‘quv jarayonida zo‘ravonlikka uchragan ayolga ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan yordam turlari hayotiy misollar asosida namoyon etildi. Bu esa ishtirokchilar uchun zarur yondashuv usullarini amalda ko‘rsatib berish bilan birga ularning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladi.

– Trening doirasidagi mashg‘ulotlar nafaqat ijtimoiy xizmatchilarga, balki unda ishtirok etgan tibbiyot xodimlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va mahalla vakillari uchun ham juda foydali bo‘ldi, – deydi Boyovut tumani "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi psixologi Shohista Jo‘raqulova. – Poytaxtdan kelgan mutaxassislar har bir masala yuzasidan amaliy yechimlarni taqdim etdi. Bu esa zo‘ravonlik holatlarining oldini olish va targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etishda katta yordam beradi.

Ikki kun davom etgan mashg‘ulotlar qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘ldi. Mutaxassislar ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga ilmiy asoslangan va faktlarga tayangan holda atroflicha javob berishdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri