Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Farg‘ona viloyat boshqarmasi dori-darmon ombori mudiri Jahongir Mirzakarimov xizmat safari chog‘ida avtohalokatga uchrab, ikkala oyog‘i sinadi.
Hodisadan so‘ng shifoxonada uning chap oyog‘i amputatsiya qilinadi. Tegishli xulosaga ko‘ra, Jahongir Mirzakarimovga mehnat qobiliyatini 70 foizga yo‘qotganligi sababli II guruh nogironligi tayinlanadi.
Jahongir Mirzakarimovga baxtsiz hodisani maxsus tekshirish dalolatnomasida zarar to‘lovlarini amalga oshirish ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsada, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilgan sug‘urta kompaniyasi baxtsiz hodisaga uchragan jabrlanuvchiga sug‘urta to‘lovlari to‘lashni har xil vajlar bilan kechiktirib kelgan. Vaholanki, bu holatda sug‘urta kompaniyasi J.Mirzakarimovga bir martalik va oyma-oy to‘lanadigan nafaqalarni to‘lashi lozim edi.
Sug‘urta kompaniyasi va boshqarma mas’ullari bilan olib borilgan muzokara jarayonida ularga Mehnat kodeksining «Ish beruvchining xodim sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni to‘lash majburiyati to‘g‘risida»gi 189-moddasi, «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunning 33-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 177-sonli qarori talablari tushuntirildi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mehnat inspektorining sa’y-harakati sababli ikki oy davom etgan tushuntirishlardan so‘ng J.Mirzakarimovga sug‘urta kompaniyasi tomonidan jami 250 mln. 317 ming 758 so‘m tovon puli undirib berilishiga erishildi.
O‘zA