“Tashkent city”da joylashgan Kongress xoll majmuasida Toshkent shahar hokimligi Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazgan “Poytaxt yoshlari” festivalida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev “2021 yilda poytaxtdagi yoshlar hayoti” mavzusida taqdimot o‘tkazdi. Unda kelgusi yilda mamlakatimizda ta’lim, sport, sog‘liqni saqlash va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshiriladigan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda hokim yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar, bu sharoitlardan unumli foydalanayotgan yoshlar, xususan, tiktokerlar haqida fikrlarini bildirdi.
– Bundan ikki yil avval jamiyatimizda blogerlar o‘z faoliyati bilan namoyon bo‘ldi, – deydi Jahongir Ortiqxo‘jayev. – Ochig‘ini aytganda, ularning faoliyatini ko‘pchiligimiz tanqid qildik. Blogerlarni hech narsaga yaramaydi, oldi - qochdi, bo‘lar-bo‘lmas narsalarni yozishadi, deya tanqid qilishdi. Endi tiktokerlar chiqayotganda ularga tanqid bilan qarashayapti. Bunga o‘rganish kerak. Tiktokerlarga taqiq qo‘yish emas, ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish bo‘yicha ish olib borishimiz kerak. Yoshlarga to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatib, qilayotgan ishlaridan samarali foydalansa bo‘ladi, deb o‘ylayman. Ular bilan birga ishlaymiz, ularga tayanch bo‘lamiz, ularni himoya qilamiz. Bugun ahamiyatsiz bo‘lib ko‘rinayotgan tiktokerlar ertaga ahamiyatli shaxsga aylanishiga, umuman yoshlarimizga ishonaman.
Yoshlar festivali so‘nggida faol ishtirok etgan bir guruh yoshlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA