FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi 40-umumta’lim maktabining ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Iqbol Yusupova samarali faoliyati bilan alohida o‘rnak ko‘rsatayotgan ta’lim jonkuyarlaridan.
Muallima yosh bo‘lishiga qaramay, o‘zining bilimi va kasbiga bo‘lgan sadoqati bilan muvaffaqiyat qozonmoqda. Jumladan, joriy yil Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida birinchi, mamlakat bosqichida faxrli uchinchi o‘rinni egalladi. Bundan tashqari qator shogirdlari insholar va kitobxonlik tanlovlarida g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olib kelmoqda.
– Onameros kasb – o‘qituvchilikka bolaligimdan qiziqqanman, - deydi Iqbol Yusupova. – Onam Sanobar Xo‘jamuratova “O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq ta’limi a’lochisi”, tajribali ustoz hamda jamoat arbobidir. U kishidan sohaga oid ko‘p narsani o‘rganganman.
[gallery-26083]
Yosh va izlanuvchan muallima ilg‘or pedagogik uslublar ustida doimiy izlanish olib boradi. Darslarni samarali tashkil etish maqsadida har bir mavzuga moslab yangiliklar topadi. Masalan, “Izquvar”, “Kadrlar so‘zlaganda”, “Bilmasvoyning sarguzashtlari”, “Tugmani qada”, “Sehrli so‘zlar” kabi qator loyihalari o‘quvchilarda fanga qiziqishni oshirishga xizmat qilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA