Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi Paxtaobod mahallasida aholi bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni kengaytirish va kambag‘allikni qisqartirish maqsadida xonadonlarda issiqxona va qo‘shimcha tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilmoqda.
Jumladan, Ilg‘orjon Ibrohimov tomonidan tashkil etilgan issiqxona va qo‘shimcha tadbirkorlik sub’ekti bunga misol bo‘la oladi. Xonadan “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi” doirasida 23 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘larini olib, o‘zining qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan 7 sotix maydonda zamonaviy issiqxona barpo etdi.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, issiqxonaga “Azra” navli pomidorning 1 750 dona ko‘chati ekilgan. Har bir ko‘chat 2 300 so‘mdan xarid qilingan bo‘lib, har bir ko‘chatdan o‘rtacha 4 kilogramm hosil mo‘ljal qilingan. Hosilning 1 kilogrammi 20 ming so‘mdan sotilganda, umumiy daromad 120 million so‘mni tashkil etadi. Shundan 40 million so‘m ko‘mir, o‘g‘it va ozuqalar, ko‘chat, elektr energiyasi hamda yer tayyorlash ishlariga sarflanishi belgilangan. Tadbirkor 80 million so‘m sof foyda olishni reja qilgan.

Ilg‘orjon Ibrohimov 2024 yilda hokim yordamchisining tavsiyasiga asosan ilgari tashlandiq bo‘lib yotgan zovur yerini 10 yil muddatga ijaraga olib, bu yerda baliqchilik xo‘jaligini tashkil etgan. Hozirda zovurga 1 000 dona baliq chavog‘i tashlangan bo‘lib, tadbirkor yaqin oylar ichida 1 tonnaga yaqin baliq yetishtirishni rejalashtirgan.

Bu tashabbus nafaqat oilaviy daromad manbai, balki mahalladagi boshqa fuqarolarga ham namuna bo‘lmoqda. Shuningdek, o‘z xonadonida 6 bosh qoramol, 10 ga yaqin qo‘y va 200 dan ortiq tovuq parvarishlamoqda.
Zarif Komilov, O‘zA