Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Izlanishdan charchamaydigan yosh pedagog
11:13 / 2022-10-01

Fotoreportaj

Buxorolik Feruza Oripova – iqtidorli yosh pedagoglardan.

Muallima 2019 yildan buyon Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti ilmiy-tadqiqot va ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlash bo‘limida faoliyat yuritmoqda. Yosh bo‘lishiga qaramay, tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent darajasini olgan. Muallimaning ilmiy, pedagogik va davolash faoliyat natijalari viloyat, respublika va xalqaro miqyosida ijobiy baholanib kelinmoqda.

Buxoro davlat tibbiyot instituti talabalari, tibbiyot kolleji o‘qituvchilari va o‘quvchilari uchun o‘quv-uslubiy qo‘llanma, oliy toifali hamshiralik ishi fakulteti talabalari uchun “Akusherlikda hamshiralik ishi” fanidan o‘quv qo‘llanmalarining muallifi hamdir. Ustozning “Sog‘lom ona – sog‘lom bola”, “Kontratsepsiyaning zamonaviy turlari” dasturi viloyat qishloq oilaviy shifokorlik punktlarida keng qo‘llanilmoqda.

Shuningdek, Feruza Oripova viloyat va tumanlarda homilador ayollar, bolalar kasalliklari va o‘limini kamaytirish maqsadida shifokorlar orasida davra suhbatlari, amaliy mashg‘ulotlar va seminarlar o‘tkazib keladi. Ko‘plab ilmiy amaliy konferensiya, kongress va seminarlar ishtirokchisi.

Yosh pedagog 2018 yilda “Iste’dod” jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan tanlovda ishtirok etib, jamg‘arma stipendiyasiga sazovor bo‘lgan. 2021 yil “Olima ayol” respublika ko‘rik-tanlovining g‘olibligini qo‘lga kiritgan.

Tohir Istatov (surat),O‘zA