French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Izlanish va imkoniyat samaralari
12:31 / 2016-06-10

“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida faoliyat ko‘rsatayotgan “O’zMinda” O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma korxonasi “GM Uzbekistan” zavodida ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun 24 turdagi ehtiyot qismlar tayyorlashga ixtisoslashgan.

“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida faoliyat ko‘rsatayotgan “O’zMinda” O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma korxonasi “GM Uzbekistan” zavodida ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun 24 turdagi ehtiyot qismlar tayyorlashga ixtisoslashgan.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu iqtisodiy zonada xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar yildan-yilga ortmoqda. Bunda xo‘jalik yurituvchi subyektlarga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmiga qarab berilayotgan soliq imtiyozlari, to‘liq eksportga yo‘naltirilgan mahsulot ishlab chiqarish maqsadida mamlakatimizga keltirilayotgan asbob-uskunalar, xomashyo va materiallar, butlovchi qismlar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod qilinishi kabi imtiyozlar muhim omil bo‘layotir.

“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida ayni paytga qadar qariyb 20 loyiha amalga oshirildi. Hududda Xitoy, Singapur, Janubiy Koreya, Hindiston singari mamlakatlar sarmoyadorlari ishtirokidagi qator qo‘shma korxonalar tomonidan avtomobillar uchun zarur ehtiyot qismlar, energetika tizimida foydalaniladigan kabellar, turli gigiyenik vositalar, raqamli telemoslamalar va boshqa eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

“O’zMinda” O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma korxonasida “Cobalt”, “Nexia”, “Damas”, “Matiz”, “Gentra” rusumli avtomashinalarga spidometr, eshik dastasi, qulf, soat va boshqa turdagi zarur detallar tayyorlanayotir. O‘tgan yili korxonada 19 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlandi, 227 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.

– Korxonaning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, yangi ishlab chiqarishlarni o‘zlashtirish maqsadida xorijiy investitsiyalar jalb qilinmoqda, – deydi korxona bosh direktori Jasurbek Sharopov. – Natijada mahsulot turi kengayib, eksport hajmi ortmoqda. Mehnat qilayotgan 90 ga yaqin ishchi-xodimning aksariyati kasb-hunar kollejini bitirgan yoshlardir.

Bu yerda nafaqat avtomobillar uchun ehtiyot qismlar, balki turli sport inventarlari ham ishlab chiqarilmoqda. Shaxmat musobaqasida foydalaniladigan elektron soat, sekundomer va sportchilarning vaznini o‘lchash uchun elektron tarozi tayyorlanmoqda.

O‘tgan yilning ikkinchi yarmida korxona tomonidan yangi loyiha o‘zlashtirildi. ”GM Uzbekistan” zavodi avtomobillari uchun yangi avlod spidometrlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Zamonaviy ehtiyot qism avtomobillarning tezligini aniqlab qolmasdan, komputer yordamida yoqilg‘i sarfi, tashqaridagi havo haroratini aniqlash, shinalardagi bosim muvozanatini monitoring qilish imkoniyatiga ega. Korxonada O‘zbekistonda ilk marotaba azot gazi yordamida plastmassa quyish texnologiyasi o‘zlashtirildi. Bu yangi modellar uchun eshik dastalarini shu yerning o‘zida tayyorlash imkoniyatini berayotir.

– Istiqbolli loyihalarni amaliyotga tatbiq etish borasida olib borilayotgan izlanishlar yaxshi samara bermoqda, – deydi korxona bosh muhandisi Mirali Qilichev. – T-250 markali yangi avtomobillar uchun yangi turdagi eshik dastasi ishlab chiqarish liniyasining o‘rnatilgani ana shunday sa’y-harakatlar samarasidir.

ISO 9001:2008 xalqaro sifat menejmentiga ega korxonada kelgusi yildan avtomobil salonini isitish va sovutish tizimi boshqaruv qurilmasini mahalliylashtirish ustida ish olib borilmoqda. Ishlab chiqarishda foydalaniladigan mikrosxemalarni shu yerning o‘zida tayyorlash ishlari boshlab yuborilgan.

Korxonaning eksport geografiyasi ham yildan-yilga kengaymoqda. Joriy yilda 350 ming dollarlik mahsulotni eksport qilish rejalashtirilgan.