Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Izlanish, imkoniyat, qat’iy tartib – ta’lim jarayonining sifatiga kafolat beradi
16:37 / 2024-03-01

Finlyandiya: tajriba va taassurot

Yevropa qit’asi haqida ko‘plar orzu qilishadi, u yerdagi mamlakatlar hayoti, iqtisodiy o‘sish, ta’lim uchun yaratilgan imkoniyatlar barchani o‘ziga jalb etishi tabiiy. Chunki har qanday rivojlanish bosqichida bo‘lgan davlatlar aholisi, xususan, oliy ma’lumotli qatlami uchun uzoq va mashaqqatli iqtisodiy o‘sish pog‘onalaridan o‘tgan va ijtimoiy sohalari ham birdek rivojlangan Yevropa davlatlarida tajriba almashinish juda muhim. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2022-yil 21-iyundagi “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi, Finlyandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsulligi ko‘magida Helsinki, Yuvaskula pedagogika universitetlari va Shvetsiyaning Sodertorn universiteti bilan hamkorlikda xalqaro malaka oshirish kursida ishtirok etish uchun bir guruh hamkasblarimiz bilan 14-29-yanvar kunlari mazkur davlatlarda xizmat safarida bo‘ldik. Ushbu o‘quv kurslari davomida delegatsiyamiz a’zolari ta’lim sohasidagi mutaxassislar ko‘magida maktablar va oliy ta’lim tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Ta’lim sifati bo‘yicha dunyoning yetakchi mamlakati sanalgan Finlyandiyada maktab bolani  mustaqil hayotga o‘rgatishi kerak, deya qabul qilingan tamoyilga asoslanadi. Shu bois ham finlar orasida “Yo hayotga tayyorlaymiz, yoki  imtihonlarga. Biz birinchisini tanlaymiz”,  degan ibora mashhur. “O‘z hayotiga o‘zi mas’ul!” shiori fin yoshlarini kelajak sari yetaklaydi. O‘quvchini oddiylikdan murakkablik sari yurishga o‘rgatish, amaliy jihatdan foydali bo‘lgan kasbga yo‘naltirish aynan maktab davridan boshlanadi. 

Delegatsiyamiz to‘xtalgan birinchi manzil ya’ni ta’lim muassasalari bu maktablar bo‘ldi. Qiziqarli jihati, bu yerda maktab faoliyati 3 ta yo‘nalishda olib boriladi: o‘quvchilar bilan bog‘liq barcha masalalar bilan Villages deb nomlanuvchi bo‘limlar va moddiy ta’minot bo‘limlari shug‘ullanadi. Ikki og‘iz Villageslar haqida. Villages – bu alohida bo‘limlar (binolar) bo‘lib, ularda 1-2-sinflar alohida, 3-5-sinflar alohida, 6-sinflar alohida va 0-9-sinfgacha maxsus sinflar alohida ta’lim oladigan hududlardir. Villageslarda 90 nafardan 140 nafargacha o‘quvchiga 10 nafar o‘qituvchi va assistent saboq berishadi.

Finlyandiya ta’limida o‘qishni istagan odam o‘qiydi, degan omil mavjud. Qolaversa, pedagoglar o‘quvchining e’tiborini darsga qaratishga harakat qilishadi. Har bir o‘qituvchi o‘zi to‘g‘ri deb bilgan uslubni qo‘llaydi. Turli zamonaviy texnologiyalar asosiga qurilgan dars sifatiga o‘qituvchi javobgar bo‘ladi. Eng yaxshi tizimda ham kamchiliklar bo‘lishi tabiiy hol, albatta. Shuning uchun ham finlar erishilgan yutuqlar bilan chegaralanib qolishmaydi. Izlanish, imkoniyat, qat’iy tartib, ishonch va tadqiq har qanday muammoning yechimiga qaratiladi. Maktab ta’limida imtihonlar yo‘q.  Nazorat ishlari va oraliq test sinovlari – o‘qituvchining tanloviga qarab belgilanadi. Umumta’lim maktabini tugallashda faqat birgina majburiy standart test o‘tkaziladi. Faqat shu bilan baholanadi o‘quvchilar! Shu va boshqa ma’lumotlar asnosida tashkil etilgan mahorat darslarida hamkasblarimiz Kati va Mariya, Ari Pokkaning ta’lim va dars sifati haqidagi tajribalari qiziqarli bo‘ldi. E’tiborlisi, madaniyat va qadriyat, tarbiya tushunchalari har bir pedagog dars mazmunining asosi ekanligiga guvoh bo‘ldik.

Tashrifimizning yana bir maqsadi nufuzli oliy o‘quv yurtlari faoliyatini o‘rganish hamda kelgusida mazkur ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat edi. Men ilmiy va pedagogik faoliyatim davomida dunyoning turli davlatlarida bo‘ldim va malaka oshirdim. Finlyandiya va Shvetsiyadagi oliy ta’lim tizimining o‘ziga xos jihati talabalarga yaratilgan sharoit hamda ularga bilim berishning yangicha yondashuvi va yangicha usullari bizni hayratga soldi. Talabalarda asosiysi bir odat shakllangan: dars jarayonlarida oddiy holatdan murakkablikni ko‘ra olish va yaratuvchanlik qobiliyatingizni ko‘rsata olishingiz lozim. 

Xizmat safarimiz mobaynida jahonga mashhur pedagogik ta’limga ixtisoslashgan Xelsinki va Yuvaskula pedagogika universitetlarida ham bo‘ldik. Oliygohlarda o‘qituvchilar tayyorlash, bakalavriyat va magistratura o‘quv dasturlari bilan ham yaqindan tanishdik. Bu ta’lim muassasalarida ijtimoiy jihatdan kam ta’minlangan talabalar deyarli yo‘q. Dars har qanday toifa uchun bir xil tarzda, bir xil uslubda tashkil etilgan. Mustaqil ta’limga e’tibor katta, o‘zlashtira olmayotgan talabaning o‘zi bo‘lmaydi. Ularga turli xildagi stipendiyalar taqdim qilinadi va bitiruvchilar taraqqiy etgan nufuzli kompaniyalardan ish takliflarini qo‘lga kiritadilar.

Yuvyaskula pedagogika universitetda ikki marta mashg‘ulotlar tashkil etildi. Universitet qoshidagi Finlyandiya instituti ilmiy izlanish markazi professori, (PhD) Juhani Rautopuro tomonidan xalqaro baholash mezoni, xususan, “PISA”, “IAAC”, “TALIC”, “KAPPAS”, “TIMMS”, “PIRLS”, “ICCS”, “ICILLS” va boshqa tizimlarning o‘ziga xosligi, ahamiyati xususida mazmunli ma’ruzalar tingladik. Yana bir muhim jihat: baholash dasturlari orqali Finlyandiya ta’lim tizimi dalillar asosida o‘rganilib boriladi va ushbu tahliliy ma’lumotlar tinglovchilarga taqdim etiladi. Ma’ruza mashg‘uloti davomida tinglovchilar Finlyandiya va boshqa bir qator davlatlar ta’lim tizimining so‘nggi 20-yillikdagi natijalari va ularning tahlillari bilan tanishishdi. Ma’ruza yakunida ta’lim tizimi jumladan, ushbu tizim sifatini baholab borishning yutuqlari va kamchiliklari, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan qizg‘in savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.

Yana bir malakali mutaxassis Arto Ikkonen tomonidan ilmiy tadqiqot hamda axborot-resurs markazlarining onlayn platformalari va ularning tashkiliy tuzilishiga oid ma’ruza mashg‘ulotida universitetning kutubxonasi hamda o‘quv, ilmiy adabiyotlarni saqlash muzeylari, ilmiy nashrlar, monografiyalar, nashriyot va tadqiqot markazlari, shuningdek, talaba-yoshlar va ushbu bazadan foydalanishni istagan fuqarolar uchun beriladigan bepul onlayn ma’lumotlar platformasi haqida tushunchalar berdi. Jumladan, birgina 2022-yilda universitet olimlari tomonidan 3500 dan ortiq ilmiy resurs yaratilgan bo‘lib, ushbu ma’lumotlarning 80 foizi ham yuqoridagi platformaga joylashtirilganligi va bu ma’lumotlardan barcha foydalanishi mumkinligini e’tirof etildi.

Shuningdek, malaka oshirish rejasiga muvofiq kafedra mudiri Eija Aalto ham sifatli kontent bilan bizni hayratga soldi. Eija xonim Finlyandiya ta’lim tizimi, uning bosqichlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi. Pedagog-xodimlar tayyorlash doirasida dasturlar, talab etiladigan salohiyat va malaka haqida to‘xtalib o‘tdi. Ayniqsa, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilarini tayyorlashda Yuvaskula universiteti yondashadigan innovatsion va samarador o‘quv dasturlari ishtirokchilar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi. Shuningdek, Eija Aalto xonim o‘z taqdimotida pedagoglar tayyorlash va ularning salohiyatlarini oshirish bo‘yicha Finlyandiyada keng foydalanidigan 5 bosqichli ta’lim dasturi haqida ham ma’lumot berdi. Bu dastur har bir pedagogik yo‘nalishda yo‘lga quyilgan va talabaga 25 kredit taqdim etadi. 5 bosqichli ta’lim dasturida muloqot va hamkorlik, o‘rganish va yo‘nalish, ta’lim, jamiyat va o‘zgarish, bilish va tajriba, ilmiy fikrlash va bilimdan tashkil topgan.

Shvetsiyaning Stokgolm shahrida Soderton universiteti hamda Boltiqbo‘yi mamlakatlari tadqiqot markaziga tashrif buyurdik. Universitet rektori Gustav Amberg va elchixona vakillari tomonidan delegatsiyamiz a’zolari iliq kutib olindi. Universitet bo‘ylab tanishuv, dars jarayonlari ishtirokimiz mobaynida ko‘plab yangiliklar bilan tanishdik. Olib borilgan muzokaralar davomida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari va Soderton universiteti o‘rtasida pedagog va o‘qituvchilarni tayyorlash sohasida qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish, o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, Shvetsiyada qisqa malaka oshirish kurslarini tashkil qilish, Toshkent va Stokgolmda shaharlarida qo‘shma konferensiyalar va seminarlar o‘tkazish hamda boshqa bir qator yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.Tashrif yakunida Soderton universiteti bilan qator sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, Boltiqbo‘yi mamlakatlari tadqiqot markazidagi shart-sharoitlar, olib borilayotgan ilmiy ishlar va izlanuvchilarning faoliyati bilan tanishishdik. Eng asosiysi, ta’lim sifati bo‘yicha markaz tadqiqotchilari bilan tajriba almashdik.

Xullas, taassurotlar bir olam. O‘rgangan tajribalarimizni amalda o‘zimizning ta’lim tizimimizga tadbiq etsak, ko‘zlangan marralarga erishamiz. 

Zokir Mehriqulovich Bazarov, 

 O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti 

ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i