French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Izlangan imkon topadi
12:12 / 2023-08-11

Imkoniyatlardan oqilona foydalanib, yurt farovonligi va xalq dasturxoni to‘kinligi yo‘lida mehnat qilayotgan ayollar ko‘pchilikni tashkil etadi. Navoiy viloyati Konimex tumani “Sho‘rtepa” mahallasidan Xosiyat Eshpo‘latova ham ana shunday mehnatsevar ayollardan.

Xosiyat aya 32 yildirki bolalarga ta’lim-tarbiya berib keladi. Ayni paytda nafaqada bo‘lsa-da, tinmaydi. Uyida qadimiy ashyolarni yig‘ib, mo‘’jazgina muzey ham ochgan. Hozirda 5 gektar maydonda olma, poliz mahsulotlari yetishtiradi. O‘n besh bosh qoramol boqib, bir oyda o‘rtacha 15-20 million so‘m daromad olmoqda.  

Viloyat xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Gulsanam Norova “Sho‘rtepa” mahallasidagi hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli hamrohligida tadbirkor Xosiyat aya xonadonida bo‘lib, bugungi kungi faoliyati bilan tanishdi.  

– Men mehnatdan zavq olaman, – deydi Xosiyat aya. – Bog‘imga kirsam ruhim ko‘tariladi. Yer bilan, daraxtlar bilan suhbatlashaman. Ularga mehr beraman. Mehr va e’tibor ko‘rgan har bir narsa borki, yanada gurkirab yashnaydi. Maqsadim uyimda tashkil etilgan muzeyni Konimex tumani markaziga joylashtirish va bundan barcha foydalanishini xohlayman. Hech kimga sir emas bugungi kunda barcha toifadagi xotin-qizlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va ijtimoiy faol bo‘lmagan xotin-qizlarga davlat tomonidan manzilli ko‘maklashish tizimi joriy qilingan. Mahallalardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga uyda daromad olishlari uchun bepul kasb-hunar o‘rgatilmoqda.  

Nogironligi bor Dilafro‘z Xudoyorova ham viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazida bepul kasb-hunarga o‘qidi. Hozirgi kunda subsidiya asosida tikuv mashinasi olib, uyda o‘z daromadiga ega bo‘lib kelmoqda.  

– Boqimandalikni yomon ko‘raman, – deydi tadbirkor hunarmand Dilafro‘z Xudoyorova. – Bir necha yillar oldin Qirg‘iziston davlatiga borib ishlab kelganman. Hozirda uyimda faoliyatimni davom ettirmoqdaman. Hech narsadan nolimayman, farzandim va kelajagim uchun harakat qilmoqdaman.  

Darhaqiqat, D.Xudoyorova ta’kidlaganidek, imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q. Faqatgina imkon izlamayotganlar bor, xolos. Yaratib berilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish esa har bir insonning o‘ziga bog‘liq.  

A.Bo‘riyev,  

O‘zA