Farg‘ona viloyatida 2017-2021 yillarda 8,3 ming gektar maydonda bog‘lar tashkil etilib, ularning umumiy maydoni 45,9 ming gektarga yetkazildi. Hududlarda 19 ta meva-sabzavotchilik klasterlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Serquyosh zaminimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarga bugun tashqi bozorda talab katta. Oltiariq, Quva va boshqa tumanlarda sohaga ixtisoslashgan klasterlarning tashkil etilgani manfaatdorlikni yanada oshirib, 30-40 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatini bermoqda.
Asosiysi, dehqon mehnatiga yarasha daromad topa boshladi. Klaster korxonasi esa bunga yaqindan ko‘maklashmoqda. Umuman olganda, qishloq xo‘jaligida klaster tizimining joriy etilganligi qisqa vaqt ichida o‘z samarasini bera boshladi.
Barchamizga ma’lumki, viloyatda meva-sabzavot yetishtirishda katta tajriba bor. Mahsulotlarni qayta ishlash va eksport qilish esa dolzarb vazifa sanaladi. bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport qilish hajmi 206,4 million dollarga yetkazildi. Eksport hajmi qariyb 3 barobarga oshirilishiga erishildi.
E’tiborli jihati, 260 ta eksportyor korxonalar tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilinmoqda. Joriy yilda 453 ming tonnadan ortiq mahsulot yetishtirilib, qariyb 160 ming tonnasi eksportga yo‘naltirildi. Oltiariq tumanidagi «Loko agroeksim» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 23,6 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.
Quvasoy shahridagi «Uzsegang» qo‘shma korxonasi 1,5 ming gektar yerni o‘zlashtirib, gilos bog‘lari plantatsiyalarini, saralash, qadoqlash va saqlash hamda logistika markazini tashkil etdi. Hozirga qadar 4 million dollardan ortiq mahsulot eksport qildi.
Shu bilan birgalikda sohani rivojlantirish orqali ish o‘rinlari yaratish, daromad topishda ham foydalanilmayotgan imkoniyatlar juda ko‘p. Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan meva-sabzavotchilik va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida bu boradagi vazifalar belgilab berildi. Meva-sabzavotchilik klasterlari, dehqon xo‘jaliklari va tomorqachilikni rivojlantirish, ularni moliyalashtirish, agroxizmatlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 23 noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori esa bu borada katta imkoniyatlar yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Unga asosan viloyatda fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli paxta va g‘alladan qisqartirilgan 12 ming 560 gektar ekin maydonlari 2022-2025 yillarda bosqichma-bosqich zaxiraga qaytarilib, aholiga dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun berilishi belgilandi. Bu maydonlar ochiq elektron tanlov o‘tkazish orqali, 10 sotixdan 1 gektargacha o‘lchamda, 10 yil muddatga ijaraga beriladi.
–Meva-sabzavotchilik tarmog‘ini xuddi paxta-g‘allachilik kabi moliyalashtirish tizimini yo‘lga qo‘yilishi mablag‘ yetishmovchiligi kuzatilgan fermer, dehqon xo‘jaliklari, klasterlar uchun mavjud muammolarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alibek Tursunov.
– Asosiy e’tiborni kambag‘allikni kamaytirish va aholi bandligini ta’minlashga qaratgan holda, yerlarni ijaraga berish, meva-sabzavotchilikni va tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish orqali 2022 yilda 130 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatimiz bor. Meva-sabzavotchilikni rivojlantirish ilmsiz bo‘lmaydi, albatta.
Ya’ni sohaga ilmiy yondashish hozirgi zamonning asosiy talablaridan biri hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, har bir tumanda klaster korxonalari negizida zamonaviy tuproq va mahsulotlarni tahlil qilish agrokimyo laboratoriyalari, ilmiy markazlar tashkil etiladi.
Muxtasar aytganda, bu kabi ishlar aholining daromad topishga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, aholiga agrar tarmoqda o‘z biznesini tashkil etishga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish va qishloq xo‘jaligini diversifikatsiyalash orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
M. Sulaymonov, O‘zA