Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Izchil islohotlar samarasi
19:07 / 2015-04-20

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini iqtisodiy rentabelli tarmoqqa aylantirish, hosildorlikni oshirish, aholining meva-sabzavot, uzum va boshqa mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuksak samaralar bermoqda.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini iqtisodiy rentabelli tarmoqqa aylantirish, hosildorlikni oshirish, aholining meva-sabzavot, uzum va boshqa mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuksak samaralar bermoqda.

Davlatimiz rahbarining 2006-yil 9-yanvardagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. Ushbu hujjatga asosan meva-sabzavot va uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga qator imtiyozlar berilgani fermerlarda mulkka egalik hissini kuchaytirib, ilg‘or tajribalarni keng joriy etish va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishga xizmat qilmoqda.

Farg‘ona viloyatida so‘nggi uch yilda 700 gektardan ortiq maydonda zamonaviy intensiv bog‘lar tashkil etildi. Bog‘lardan har yili yuqori hosil olinayotgani agrar sohadagi islohotlar samarasidir.

Viloyatda tuproq unumdorligi past, suv ta’minoti og‘ir va kam rentabelli bo‘lgan Buvayda, O‘zbekiston va Farg‘ona tumanlarida paxta hamda g‘alla maydonlari 16,4 ming gektarga qisqartirilishi hisobiga sabzavot, kartoshka va boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladigan yer maydonlari 1,6 barobar ko‘paydi. Shuning hisobidan 2008-yilga nisbatan viloyatda meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari yetishtirish hajmi qariyb 2 barobar oshib, aholi ehtiyojlari to‘liq qondirilmoqda. Ayni paytda yiliga o‘rtacha 300 ming tonna meva-sabzavot va uzum xorijga eksport qilinayotir.

O‘tgan yili O‘zbekiston tumanida 480 gektar paxta maydoni qisqartirilib, o‘rniga boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari ekildi. Natijada 125 gektar yerda 1875 tonna chorva ozuqasi bo‘lgan yem-xashak yetishtirildi, 15 gektarda uzumzor, 10 gektar yerda esa intensiv bog‘ yaratildi.

– Hosildorlik va rejani pasaytirmagan holda o‘tgan yili paxta maydonlarini qisqartirish hisobiga qo‘shimcha 5 ming 100 tonna sabzavot mahsulotlari yetishtirish imkoniyatiga ega bo‘ldik, – deydi O‘zbekiston tumani qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Burxon To‘raqulov. – Shuningdek, 1 ming 760 tonna kartoshka, 250 tonna poliz mahsulotlari, 80 tonna dukkakli hamda 40 tonna moyli ekinlar olinishiga erishildi. Buning evaziga 2014-yil dehqonchilikdan 2 milliard 639 million so‘m sof foyda olindi.

Buvayda tumanida 830 gektar paxta ekiladigan yerlar qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlarida foydalanish uchun ajratildi. Rejaga ko‘ra, paxtadan bo‘shagan yerlarning 390 gektari chorvachilik yo‘nalishiga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga berildi. 230 gektar yer sabzavot ekinlariga, 25 gektar yer intensiv bog‘ barpo etish uchun ajratildi.

– Tabiiy sharoit va sohaga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarining katta tajribasini inobatga olib, 110 gektar yer baliqchilik xo‘jaliklari ixtiyoriga berildi, – deydi Buvayda tumani qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Mo‘ydinjon Yo‘ldoshev. – O‘z navbatida, parrandachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish maqsadida 75 gektar yerdan ana shu tarmoqda faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar foydalana boshladi.

Keyingi yillarda viloyatda qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlari bo‘yicha hosildorlik va daromad sezilarli darajada ortib borayotgani soha rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va rag‘bat, xususan, yangi va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, tarmoqlarni zamonaviy mezonlar asosida takomillashtirish borasidagi izchil sa’y-harakatlar samarasidir.