Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Izboskanlik paxtakorlarning ahdi qat’iy
19:40 / 2025-10-02

Yurtimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi ayni kunlarda Andijon viloyatida ham paxta yig‘im-terimi qizg‘in pallaga kirgan. Viloyat paxtakorlari belgilangan yillik marra sari kundan-kunga yaqinlashib bormoqda. Paxta xirmonining yuksalishiga barcha tumanlar munosib hissa qo‘shmoqda.

Izboskan tumanida dehqonchilik, ayniqsa, paxtachilikda o‘ziga xos tajriba maktabi shakllangan. Shu bois ham, joriy yilda tuman paxtakorlari tomonidan har yildagidan-da mo‘l hosil yetishtirildi. 

Tumanda joriy yilda “Andgoldgroup” paxta to‘qimachilik klasteri, shuningdek, 173 ta fermer xo‘jaligi tomonidan jami 6 ming 487 gektar maydonning 865 gektariga mahalliy,  5 ming 622 gektariga Xitoyning  “Xin Lu Zao 52” navli chigit urug‘i ekilib, mo‘l hosil yetishtirildi. Tuman paxtakorlari bu yil 29 ming 880 tonna paxta yig‘ib-terib olishni rejalashtirgan. 

– Tumanda bu yil paxtadan har yildagidan ham mo‘l hosil yetishtirildi, – deydi Izboskan tumani hokimi Abrorbek Ahmadaliyev. – Yetishtirilgan hosilni qisqa muddatlarda, sifatli yig‘ib-terib olish, belgilangan ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida 44 ta terim otryadi shakllantirildi. Klaster korxona ishchilari, fermer xo‘jaligi a’zolari, uy bekalari, uyushmagan aholi vakillari hamda ko‘ngillilardan tashkil etilgan otryadlarning har biriga mas’ullar, zarur texnika vositalari biriktirilgan. Shu kunlarda hosilni yig‘ib-terib olish ishlari qizg‘in olib borilmoqda.  

Bundan tashqari, terimga 19 ta zamonaviy paxta terish kombaynlari jalb etilgan. 

Tumandagi 29-terim otryadiga Guzar, Istiqlol, To‘rtko‘l mahallalaridan 150 nafarga yaqin ko‘ngilli a’zolar birlashgan. Ayni kunlarda mazkur otryad a’zolari Abduxalil Nazirov rahbarlik qilayotgan “To‘rtko‘l fayz istiqloli” fermer xo‘jaligi dalalarida yetishtirilgan hosilni terib, yig‘ib olmoqda. 

Sayyora Usmonova, Maxfuza Boltaboyeva, Shaxnoza G‘aniyeva, Munojatxon Xojibekova, Omadxon Jo‘rayeva singari otryadning ilg‘or terimchilari kuniga 100-120 kilogrammdan paxta terib, barchaga ibrat bo‘lmoqda. Terilgan paxta uchun terimchilarga dalaning o‘zida kunlik pul berilmoqda. 

– Dalalarda hosil mo‘l, har kuni 100-120 kilogrammdan paxta teryapman, – deydi ilg‘or terimchilardan biri Munojatxon Xojibekova.  – Sharoitlar yaxshi, har kuni tushlikka shiyponda issiq ovqat tashkil etiladi. Uyda bekor o‘tirgandan ko‘ra, terimda qatnashib oilamizga qo‘shimcha daromad kirityapmiz. Terimning birinchi o‘n kunligida 2,5 million so‘mga yaqin pul oldim. Yaxshigina daromad olish bilan birga, yurtimiz paxta xirmonining yuksalishiga ham hissa qo‘shyapmiz. 

[gallery-25578]

Terimda qatnashayotgan hasharchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Ularning dalaga borib kelishlari uchun transport tashkil etilgan, tushlikka esa xo‘jalikning dala-shiyponida issiq ovqat tayyorlab berilmoqda.

– Otryadimiz a’zolari terimda faollik ko‘rsatmoqda, – deydi tumandagi 29-terim otryadi rahbari, “Guzar” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ikromjon Mamajonov. – Otryadimiz tomonidan kuniga 6-7 tonna hosil terilib, paxta punktlariga yuborilmoqda. Fermer xo‘jaliklari tomonidan terimchilarga zarur sharoitlar yaratib berilgan. Nasib etsa astoydil mehnat qilib, hosilni qisqa muddatlarda terib olamiz. Otryadimizga biriktirilgan fermer xo‘jaliklarining shartnoma rejalarini ortig‘i bilan  bajarishiga, paxtakorlarimizning yuzlari yorug‘ bo‘lishiga qo‘limizdan kelganicha yordam beramiz. 

“Sharq yulduzi” massividagi “To‘rtko‘l fayz”, “To‘rtko‘l Abdurashid”, Turtko‘l zamin bo‘stoni” fermer xo‘jaliklari dalalarida yetishtirilgan paxta hosili Abdurashid Komilov rahbarlik qilayotgan 25- terim otryadining 250 nafardan ziyod a’zolari tomonidan terib olinmoqda. 

Otryadning Odinaxon Samsaqova, Nasibaxon Sopaxonova, Karimaxon Nasriddinova singari terimchilar kuniga 120-130 kilogrammdan paxta terib, barchaga ibrat bo‘lmoqda.

Terimchilar, umuman, paxtakorlarning kayfiyati a’lo, shijoatlari baland. Ular yetishtirilgan hosilni o‘z vaqtida, sifatli terib-yig‘ib olib, nafaqat tuman, balki viloyat, respublika paxta rejasini bajarishiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishga qat’iy ahd qilishgan. 

Tuman hokimining tashabbusi bilan fermer xo‘jaliklari, homiylar tomonidan terimchilar rag‘batlantirib, ularga turli sovg‘a-salomlar berib borilayotganligi terim suratini oshirishga yordam bermoqda. 

“Yuksak zamin” fermer xo‘jaligi ham shu kunlarda paxta topshirish bo‘yicha yillik shartnoma rejasini bajardi.  Izboskan tumaniga safarimiz kuni erishilgan muvaffaqiyat munosabati bilan xo‘jalik dala-shiyponida tashkil etilgan tadbir ustidan chiqdik. 

– Bugun paxta topshirish rejasini ortig‘i bilan bajardik, – deydi “Yuksak zamin” fermer xo‘jaligi rahbari Akramjon Burxonov. – Joriy yilda 20 gektar maydonga Xitoyning "Xin Lu Zao 52” navli chigit urug‘ini ekdik. Astoydil mehnat qildik, o‘zimizning texnikalarimiz bor, shu bois, belgilangan agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida, sifatli bajarildi. Natija esa yomon bo‘lmadi, mo‘l hosil yetishtirildi. Birinchi terimdayoq rejani ortig‘i bilan 110 foizga bajardik, gektaridan 52,2 sentnerdan hosil olindi. Shu munosabat bilan bugun tushlikda a’zolarimiz, terimchilar kayfiyatini yanada ko‘tarish uchun bayramona dasturxon uyushtirdik.

Darhaqiqat, tushlikdan keyin o‘tkazilgan tadbir xo‘jalik a’zolari uchun haqiqiy bayramga aylandi. Xo‘jalik suvchisi Alisher Sarimsoqovga 74 yoshli onasi Munojatxon Sarimsoqovani umra safariga yuborish uchun sertifikat, shuningdek, xo‘jalik ish yurituvchisi, mexanizatori va bir nafar ishchisi skuter, 2 nafar a’zosi esa velosiped bilan mukofotlandi.  Bundan tashqari, yana qator a’zolarga, terimchilarga konditsioner, televizor va boshqa turli esdalik sovg‘alari topshirildi. 

– Ochig‘i, bunday e’tiborni kutmagan edim, quvonchdan ko‘zlarimga yosh keldi, – deydi xo‘jalik suvchisi Alisher Sarimsaqov. – Xo‘jalikda ish boshlaganimga o‘n yildan ortdi. Yaxshi ishlab onamni hajga olib boraman, deb niyat qilar edim. Mana, Yaratganning marhamati, yaxshilarning sharofati bilan niyatim ijobat bo‘ldi. Yaxshi niyat, halol-poklik, mehnat insonni niyatiga yetkazishiga yana bir bor amin bo‘ldim. 

Xo‘jalik a’zolari, terimchilar e’tibordan, topshirilgan sovg‘a-salomlardan behad mamnun. Ulardagi mamnunlik, ko‘tarinkilik shubhasiz, bundan keyingi terim suratini yanada oshirishga yordam beradi. 

Tuman paxta dalalarida terimda qatnashayotgan kim bilan suhbatlashmaylik,  ularning kayfiyati, shijoati yuqori ekanligiga guvoh bo‘ldik.  Shu bois ham, bugungi kunga qadar tumandagi 40 dan ortiq fermer xo‘jaliklari paxta topshirish yillik shartnoma rejasini uddalashdi. 

Ayniqsa, “Sharq yulduzi” massividagi “To‘rtko‘l Abdurashid”, Tillaboyev massividagi “Yuksak zamin paxtazor rivoji”, “Abdulaziz Bo‘stonov”, N.Jo‘rayev massividagi “Chuvama saxovati”, Oxunboboyev massividagi “Lo‘g‘imbek ishonchi”, “O‘zbekiston” massividagi “Moygir zamin sardori”  singari o‘nlab fermer xo‘jaliklari  bu borada namuna bo‘lmoqda. 

Izboskanlik paxtakorlarning ahdi qat’iy, yetishtirilgan mo‘l paxta hosilini nest-nobud qilmasdan oxirgi misqoligacha yig‘ishtirib olish maqsadida terimni uyushqoqlik bilan davom ettirmoqda. 

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/gmoS2CLkqdY?si=axr97tZMU15RdmZl" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari