Iqlimshunoslar Yevropa joriy yilning iyun oyi o‘rtalari va iyul oyi boshida kuchli issiq to‘lqinlarini boshdan kechirganini ma’lum qildi.
Birinchi to‘lqin 17—22 iyun kunlari cho‘qqisiga chiqdi va G‘arbiy va Janubiy Yevropaning katta hududlariga ta’sir qildi. Ayniqsa, 30 iyundan 2 iyulgacha bo‘lgan davrda o‘ta issiq harorat kuzatildi.
Ikkinchi issiqlik to‘lqini paytida bir qancha mamlakatlarda havo harorati 40 darajadan oshdi. Ispaniya va Portugaliyada hatto 46 darajaga yetgani qayd etildi. E’tiborli jihati, 30 iyun kuni G‘arbiy Yevropa mintaqasida o‘rtacha kunlik harorat 24,9 darajaga yetdi va bu Yevropaning bu qismi uchun iyun rekordini yangiladi.
Xuddi shunday harorat 1 iyul kuni ham qayd etilgan. Bu holat mintaqada qayd etilgan eng yuqori kunlik haroratlardan biri bo‘lib, faqat mavsumning eng yuqori cho‘qqisida - iyul o‘rtalaridan avgust oyining o‘rtalariga qadar kuzatilgan.
G‘arbiy Yevropaning ko‘p qismida, jumladan Ispaniya, Portugaliya, Fransiya va Buyuk Britaniyada birinchi issiqlik to‘lqinining boshlanishi va oxirigacha (17 iyundan 2 iyulgacha) qayd etilgan o‘rtacha harorat yilning shu davri uchun 1979 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Bundan tashqari, 2025 yil iyun oyi G‘arbiy Yevropada rekord darajadagi eng issiq oy bo‘ldi, oylik o‘rtacha harorat 20,49 darajaga chiqdi. Ta’kidlash joizki, bu 1991–2020 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2,81 darajaga yuqori.
Global isish nafaqat qazib olinadigan yoqilg‘ining yonishi natijasida yuzaga keladigan haddan tashqari issiqlik, balki boshqa ta’sirlarga ham bog‘liq. Masalan, o‘ta qizib ketgan atmosfera okeanlar bug‘lanishini kuchaytiradi, natijada yog‘ingarchiliklar kuchayadi, toshqinlar yuzaga keladi vainsonlar hayotiga katta zarar keltiradi.
S.Rahimov, O‘zA