Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iyul oyida quyosh va shamol stansiyalari 1,2 milliard kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqardi
14:00 / 2025-08-04

Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq, quyosh va shamol elektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilayotgan “yashil” energiya hajmi yil sayin ortib bormoqda. Ayniqsa, 2025 yil iyul oyida qayd etilgan yuqori natijalar mazkur soha salohiyati tobora o‘sib borayotganini yaqqol tasdiqladi.

Energetika vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, 2025 yil iyul oyida yurtimizdagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 1 milliard 246 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu mamlakat energetika tizimidagi eng yuqori oylik ko‘rsatkich bo‘lib, umumiy elektr generatsiyasining 17 foizini tashkil etgan.

Ayni paytda yurtimizda umumiy quvvati 4 ming 119 megavattga teng bo‘lgan 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 4 ta shamol elektr stansiyasi faoliyat yuritib, qayta tiklanuvchi manbalardan “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda.

Bundan avvalgi eng yuqori ko‘rsatkich 2025 yil may oyida qayd etilgan bo‘lib, u vaqtda quyosh va shamol elektr stansiyalari orqali 1 milliard 104 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan edi. Iyul oyidagi ko‘rsatkich may oyiga nisbatan 142 million kilovatt-soatga ko‘p bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida, 2022 yilda faqat ikkita quyosh fotoelektr stansiyasi tomonidan yil davomida jami 434 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2023 yilda ushbu ko‘rsatkich 576,9 million kilovatt-soatga yetgan. 2024 yil yakunida esa quyosh va shamol elektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan jami elektr energiyasi hajmi 4 milliard 860 million kilovatt-soatni tashkil etdi.

2025 yil iyul oyida ishlab chiqarilgan umumiy 1 milliard 246 million kilovatt-soat energiyaning 760,9 million kilovatt-soati quyosh stansiyalari hissasiga to‘g‘ri kelsa, 485,4 million kilovatt-soati shamol stansiyalarida ishlab chiqarilgan.

Ushbu energiya hajmi orqali 377,5 million metr kub tabiiy gaz tejaldi hamda atmosferaga chiqarilishi mumkin bo‘lgan 1 million 120 ming tonna zararli gazlarning oldi olindi.

Shuningdek, iyul oyida mamlakatdagi barcha quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari tomonidan 2 milliard 89 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu oylik umumiy generatsiyaning 27 foizini tashkil etdi.

Ushbu ko‘rsatkich tufayli 633 million metr kub tabiiy gaz tejaldi, atmosferaga chiqishi mumkin bo‘lgan 1 million 880 ming tonna zararli moddalarning tarqalishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Aytish joizki, iyul oyida ishlab chiqarilgan 2 milliard 89 million kilovatt-soat elektr energiyasi 1 million 492 ming xonadonning yetti oylik yoki 870 ming xonadonning bir yillik energiya ehtiyojini qoplash imkonini beradi.

Shuningdek, 2025 yil 2 avgust holatiga ko‘ra, yil boshidan buyon respublikadagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan jami elektr energiyasi miqdori 6 milliard kilovatt-soatdan oshgani qayd etilgan.

N.Ziyodullayeva tayyorladi,

O‘zA