2023 yil — Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili
Mamlakatimizda ta’limni isloh qilish, bugungi kun talablari darajasida ta’lim-tarbiya jarayonlarini tashkil etish borasida qator yangiliklar amalga oshirilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad kamol topayotgan yosh avlodni xorijlik tengdoshlari bilan raqobatga kirisholadigan, salohiyatli yoshlar sifatida voyaga yetkazishdan iborat.
Davlatimiz rahbari ham yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh mezoni ta’lim-tarbiyaga qaratilishini ta’kidlab, “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” deya alohida qayd etib o‘tgan edi. Ushbu fikrlar, belgilangan rejalar asosida sohada tub o‘zgarishlar olib borilmoqda. Jumladan, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi maktablarning tashkil etilishi ham ushbu yo‘nalishdagi ijobiy o‘zgarishlardan biri, desak adashmagan bo‘lamiz. Chunki, har bir tuman va shaharda aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablarning tashkil etilishi iqtidorli o‘quvchilarni saralab, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarishda muhim o‘rin tutadi.
[gallery-10832]
Samarqand shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati ham ushbu yo‘nalishda samarali faoliyat yuritayotgan ta’lim muassasalaridan biri. Ayni paytda mazkur maktab-internatida 252 nafar o‘g‘il-qiz o‘zi tanlagan yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil olmoqda. E’tiborli jihati shundaki, ularning ixtisoslik fanlari bo‘yicha belgilangan ta’lim dasturlari Kembrij universiteti ta’lim tizimiga asosan tuzilgan.
- Odatda ko‘pchilik oddiy maktab bilan ixtisoslashtirilgan maktab-internatning farqi nimada, degan savol bilan murojaat qiladi, - deydi muassasa direktori Hamid To‘rayev. - Birinchi farqi, bizda ixtisoslashtirilgan fanlarga umumiy o‘rta ta’lim maktablariga nisbatan ko‘proq dars soatlari ajratiladi. Shuningdek, ixtisoslik fanlari bo‘yicha har kuni darsdan keyin qo‘shimcha to‘garaklar o‘tkaziladi. Bunga o‘quvchilar qatnashishi majburiy. Bundan tashqari, hafta davomida qolgan fanlar bo‘yicha ham qo‘shimcha to‘garaklar belgilangan. Faqat ularda o‘quvchi o‘zi tanlagan fan to‘garagiga qatnashish huquqiga ega. Ammo har kuni bittasiga qatnashishi shart. Muassasamizda, umuman ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida baholash tizimi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan anchagina farq qiladi. Bizda o‘quvchilar kunlik emas, fanlarni boblar bo‘yicha summativ baholash, choraklik bo‘yicha summativ baholash tizimi orqali baholanadi. Bunga o‘qituvchi tomonidan qo‘shimcha o‘n foizlik baho ham qo‘shiladi. Shuningdek, Agentlik tomonidan har chorakda xorijiy tajribaga muvofiq ixtisoslik fanlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi. Ushbu ko‘rsatkichlar asosida o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi doimiy nazorat qilib boriladi. O‘zlashtirishda ortda qolayotgan o‘quvchilar bilan o‘qituvchilar alohida ishlaydi.
Maktab-internat o‘quvchilari uchun fan to‘garaklaridan tashqari haftada bir marta robototexnika kursi tashkil qilingan. Xorijiy tajribaga ega mutaxassis tomonidan o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar o‘quvchilarning eng sevimli to‘garaklaridan biriga aylangan. Shuni alohida qayd etish kerakki, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ta’lim muassasalarida ingliz tilidan tashqari ikkinchi xorijiy til o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilgan. Maktab-internat ma’muriyatining ma’lum qilishicha, bugungi kun talabidan kelib chiqib, ikkinchi til sifatida xitoy, yapon va koreys tillari tanlangan. Har bir muassasa jamoasi, ota-onalar va o‘quvchilar o‘zaro kelishgan holda ushbu tillardan birini ikkinchi til sifatida tanlash imkoniyatiga ega.
Samarqand shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ikkinchi til sifatida xitoy tili o‘rgatilmoqda.
Ushbu ta’lim muassasasi bitiruvchilari maktabdan ikki tilni o‘rganib chiqadi. Fizika-matematikani, kimyo-biologiyani chuqur o‘zlashtirgan, ikki xorijiy tilni o‘rgangan, umumta’lim fanlari bo‘yicha yetarli bilim olgan o‘quvchilar, albatta, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan kadrlar bo‘lib yetishishi shubhasiz.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA