Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjat topshirish jarayonida o‘quvchi tabelida a’lo baholarning bo‘lishi talab etiladimi?
10:19 / 2024-05-14

O‘quvchilar Prezident maktabi hamda ixtisoslashtirilgan maktablariga hujjat topshirish jarayonida ularga ixtiyoriy ravishda o‘z hududidagi ixtisoslashtirilgan maktablardan birini qo‘shimcha tanlash imkoniyati beriladi.

Xo‘sh, hujjat topshirish jarayonida o‘quvchi tabelida a’lo baholarning bo‘lishi talab etiladimi?  

Mazkur savol yuzasidan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi axborot xizmati rahbari Jo‘rabek Jangirov quyidagilarni ma’lum qildi:  

– Prezident maktablariga umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining to‘rtinchi sinf bitiruvchilari orasidan qobiliyatli va iqtidorli, baholar tabeli asosida matematika va tabiatshunoslik fanlaridan o‘quv yilini a’lo bahoga tamomlagan o‘quvchilarning hujjati qabul qilinadi. Bu kabi maktablarga hujjat topshirish jarayonida tabelda barcha fandan a’lo baho bo‘lishi talab etilmaydi.  

Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan xalqaro, mintaqaviy yoki asosiy fan olimpiadalarining uchinchi (viloyat) bosqichi yoki unga tenglashtirilgan bosqichida matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya fanlaridan g‘olib va sovrindor bo‘lib, 1, 2, 3-o‘rinlarni egallagan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari o‘zi ta’lim oladigan hududdagi ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul kvotasi doirasida kirish imtihonisiz qabul qilinadi.  

Bundan tashqari, o‘quvchilar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 5-sinfiga hamda Abu Ali Ibn Sino va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablarning 7-sinfiga ham alohida hujjat topshirishi mumkin.  

Joriy o‘quv yilida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Andijon va Samarqand viloyatlarida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning filiallari tashkil etildi. Ushbu maktablarga 2024-2025-o‘quv yili uchun faqat shu hududning o‘quvchilari hujjat topshiradi. Bu kabi maktablar kelgusi yillarda bosqichma-bosqich qolgan barcha hududlarda tashkil etilishi rejalashtirilgan.  

O‘quvchilar faqat ta’lim olayotgan maktabining hududidagi, ya’ni viloyatidagi Prezident maktabi hamda ixtisoslashtirilgan maktablariga hujjat topshirishi mumkin.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA