Hududlarda ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyat olib bormoqda. Xo‘sh, bu ta’lim dargohlari boshqa maktablardan qaysi jihatlari bilan farqlanadi?
Mavzuni Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab faoliyati misolida davom ettiramiz.
Muassasa 2022 yil sentyabr oyidan faoliyat boshladi. Avvalo bu maktabga malakali pedagog xodimlar uch bosqichli sinov asosida saralab olinganini ta’kidlash lozim. Shuningdek, tumandagi eng bilimli o‘quvchilar test sinovlari orqali qabul qilingan. Bugun bu yerda ta’lim olayotganlar soni 360 nafarni tashkil etadi.
Darslar xalqaro ta’lim dasturlari asosida tuzilgan zamonaviy darsliklardan o‘tilmoqda.
– Har bir sinfda 24 nafardan o‘quvchi tahsil oladi, – deydi maktabning biologiya fani o‘qituvchisi Manzura Xidirova. – Bizda fizika, matematika, kimyo, biologiya, ingliz tili va O‘zbekiston tarixi fanlari chuqurlashtirib o‘tiladi. Ixtisos fanlar uchun pedagoglarga oltmish foiz, nomutaxassis fanlar uchun esa qirq foiz ustama haq to‘lanadi. Bu rag‘bat ta’lim sifatining oshishiga xizmat qiladi. Buning natijasini maktabimiz yutuqlarida ham ko‘rish mumkin. O‘quvchilarimiz Zakovat intellektual o‘yinining viloyat bosqichi g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Besh tashabbus doirasidagi shaxmat musobaqasida tumanda tengsiz ekanliklarini isbotlashdi. Asosiy fan olimpiadasida informatika fanidan o‘quvchimiz faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Agentlik olimpiadasida esa matematikadan uch nafar, informatikadan bir nafar o‘quvchimiz viloyatda g‘olib bo‘ldi.
Bu yil maktabimizni 24 nafar o‘quvchi tamomladi. Bitiruvchilardan 19 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi.
Maktabda 34 nafar oliy ma’lumotli pedagoglar faoliyat yuritmoqda. Ulardan 19 nafari oliy toifa, 6 nafari birinchi toifa, 7 nafari ikkinchi toifali mutaxassislar. Bundan tashqari, ko‘pgina pedagoglar xalqaro va milliy sertifikat sohibi.
Maktabimiz o‘tgan o‘quv yilida to‘liq rekonstruksiyaga tushdi. Bugungi kunda qo‘shimcha qurilish ishlari davom etmoqda. O‘quvchilar uchun barcha sharoitlar – zamonaviy kompyuter va laboratoriya xonalari mavjud, sinfxonalar interaktiv doskalar bilan ta’minlangan.
O‘zA