English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ixtisoslashtirilgan maktablarda "Pearson Edexcel" dasturi tatbiq etiladi
21:31 / 2025-11-25

Mamlakatimizda ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish va global ta’lim standartlariga moslashish ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda yetakchi xorijiy ta’lim tashkilotlari bilan muntazam muloqot va qo‘shma loyihalar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligida Buyuk Britaniyaning nufuzli ta’lim kompaniyasi — Pearson vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar ta’lim dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish va ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘quv jarayonini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi, deyiladi Ixtisoslashtirilgan ta’lim agentligi ma’lumotida.

Ma’lumot o‘rnida: Pearson dunyoning eng yirik ta’lim kompaniyalaridan biri bo‘lib, raqamli o‘quv resurslari, zamonaviy darsliklar va xalqaro imtihon tizimlarini taklif etadi. Ular tomonidan tashkil etiladigan PTE (Pearson Test of English) va PEIC (Pearson English International Certificate) imtihonlari jahon miqyosida keng tan olingan.

Uchrashuvda Agentlik direktori Sevara Shakirova Pearson vakillari Justine Carmel va Michael Richard Hewett bilan Prezident maktablarida joriy etilgan “Pearson Edexcel” dasturining dastlabki natijalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar dastur samaradorligini baholab, uni kelgusida yanada kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Muhokamalar davomida kelgusi o‘quv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan maktablardagi Cambridge sinflariga “Pearson Edexcel” dasturini tatbiq etish asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida belgiladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar bir nechta ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvga erishdi. Avvalo, o‘qituvchilarning xalqaro o‘quv resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda Prezident maktablari imtihon jarayonlari uchun mas’ullar bilan muntazam onlayn muloqot tashkil etish belgilandi.

Shuningdek, STEM fanlari o‘qituvchilari uchun kasbiy rivojlanish dasturini yaratish va hamkorlikni Cambridge dasturi joriy etilgan boshqa ixtisoslashtirilgan maktablarga yoyish ko‘zda tutildi.

M.Hojiakbarova, O‘zA