Sirdaryo viloyatidagi 71-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatda rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan bolalarning ta’lim va tarbiyasi masalalari muhokama qilindi. Tadbir Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Yig‘ilishda ta’lim va tarbiya jarayonlarini samarali tashkil etishda yo‘l qo‘yilayotgan ayrim kamchiliklar, yangi 2025–2026 o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlarining holati hamda pedagoglar faoliyatidagi dolzarb masalalar muhokama markazida bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, ayrim o‘quv rejalaridagi xatolar o‘z vaqtida bartaraf etilmagan, ba’zi mutaxassislar faoliyatida mas’uliyatsizlik va ichki nazoratning sustligi kuzatilgan.
– Yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni chuqur tahlil qilish va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilashdan iborat, – dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi bo‘lim mudiri Nargiza Turdimurodova. – Bu orqali biz ta’lim sifati va tarbiya jarayoni samaradorligini oshirish, har bir bola uchun qulay va sog‘lom muhit yaratishni maqsad qilganmiz.

Yig‘ilishda ta’lim muassasasi rahbariyati hamda pedagogik jamoa a’zolariga bolalar bilan ishlashda ehtiyotkorlik, insonparvarlik va kasbiy etikaga qat’iy rioya qilish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, mehnat intizomini mustahkamlash va pedagoglar malakasini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Tadbir yakunida ta’kidlanganidek, bunday muhokamalarning asosiy maqsadi tanqid emas, balki hamjihatlikda faoliyatni takomillashtirish, har bir bolaning kelajagi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishdan iboratdir.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan bolalarning ta’lim-tarbiya olishi uchun qulay muhit yaratish “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar esa nafaqat ta’lim, balki ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA