Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ixtisoslashgan tibbiyot markazlariga so‘nggi besh yilda 7,5 trillion so‘m mablag‘ berildi
14:03 / 2025-11-10

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvi davom etmoqda.

Prezidentimiz ushbu yig‘ilish xalqimiz uchun ham, tibbiyot sohasi va uning vakillari uchun ham foydali bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib o‘tdi. Shu bois, yechimini kutayotgan masalalarni ochiq-oydin gaplashib olishni taklif etdi.  

Inflyatsiyani jilovlash, oziq-ovqat mahsulotlarining narxini barqaror ushlab turish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda. Lekin aholi daromadining katta qismini aslida dori-darmonga sarflayotgani qayd etildi.  

– Ixtisoslashgan markazlarga so‘nggi besh yilda 7,5 trillion so‘m mablag‘ berildi. Ular minglab eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Dori yetmayapti deb birorta markaz ayta oladimi?  

Mana shu mablag‘lar, uskunalar va dori-darmonlar qanday ishlatilyapti? Afsuski, uskunalarning quvvatidan bor-yo‘g‘i 25 foiz foydalanilyapti, – dedi Prezident.  

Raqamlashtirish, xorijdan hamkor topish, klinik protokollarni yangilash, ilg‘or diagnostika, profilaktika va davolashni uddalaydigan zamonaviy jamoani shakllantirish bo‘yicha ishlamagan markaz, tuman, viloyat  sog‘liqni saqlash boshqarma va bo‘limlarining kelajagi yo‘qligi qayd etildi.  

Qaysi mahallada, tumanda qanday kasallik ko‘paygan yoki kamayganini tahlil qilib, ularning oldini olish hamda samarali davolash bo‘yicha aniq reja bilan ishlash, respublika markazlari bunday tahlil va yondashuv bilan ishni pastda tashkil qilishi, katta-katta mablag‘ evaziga olib berilgan eng zamonaviy uskunalardan samarali foydalanish har qachongidan ham dolzarb ekani ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zA