French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ixtirochilikni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda
12:28 / 2025-09-25

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zolari ixtirochilar va ratsionalizatorlar bilan muloqot qildi. Unda respublikada ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyatini rivojlantirish, amaldagi ixtirochilik va ratsionalizatorlik takliflarini rag‘batlantirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, ixtirochilarning intellektual mulk muhofazasi, ular faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimlariga oid masalalar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, sohaga yangi institutlar, tashkilotlar va rag‘batlantirish tizimlarini joriy qilishga oid imkoniyatlar kengayib bormoqda. Respublika va hududlar miqyosida ixtirochilikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish, tanlov g‘oliblariga yuqori miqdordagi pul mukofotlari hamda magistratura bosqichiga imtihonsiz qabul qilish kabi imtiyozlar taqdim etib kelinmoqda.  

Bundan tashqari, soha vakillari tomonidan patent olish jarayonlarining soddalashtirilgani, elektron murojaat platformalari ishga tushirilib, intellektual mulk agentligi isloh qilingani e’tirof etildi. Patent guvohnomalarini QR-kodli va raqamli hujjat shaklida berish amaliyotining joriy etilgani intellektual mulk sohasida yangi bosqichni boshlab berishga qaratilgan muhim qadam, deb baholandi.

Uchrashuvda soha vakillari yaratilayotgan sharoitlar bilan birga, duch kelinayotgan muammolarni o‘rtaga tashladi. Mavjud muammolarning real yechimlari bo‘yicha fikr almashildi, taklif-mulohazalar bildirildi. Bu takliflar deputatlar va soha mutasaddilari tomonidan o‘rganilib, rejalar shakllantirishga kelishib olindi.  

M.Komilova, O‘zA