Navoiy shahrida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Ixtirochilikka qadam” respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari, Prezident maktabi, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari hamda nodavlat maktablarining 5-11 sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.

Tanlovda qatnashchilar ta’lim, axborot texnologiyalari, yashil energiya, ekologiya, iqlim o‘zgarishi va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha ishlab chiqqan loyiha hamda innovatsion g‘oyalarini taqdim etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Tomdi tumanidagi ixtisoslashgan maktab internati jamoasi, 2-o‘rinni Uchquduq tumanidagi 20-umumta’lim maktabi jamoasi va 3-o‘rinni Zarafshon shahridagi 3-umumta’lim maktabi jamoasi qo‘lga kiritdi.

Ushbu jamoalar tanlovning respublika bosqichida Navoiy viloyati sharafini himoya qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri