French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
IWF prezidenti Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi
18:33 / 2024-11-07

FOTOREPORTAJ

Bugun Milliy olimpiya qo‘mitasiga Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) prezidenti Muhammad Jalud tashrif buyurdi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov hamrohlik qildi.

Tashrif dastlab qo‘mita qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazini ko‘zdan kechirishdan boshlandi. Unda markaz direktori Kamol Sirojitdinov sportchilarning davolanishi, reabilitatsiya jarayoni va ularga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat haqida batafsil ma’lumot berdi. Muhammad Jalud markazda yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi. Shundan so‘ng, martabali mehmonni MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov qarshi oldi.

[gallery-20236]

IWF prezidentiga «Toshkent-2025» yoshlar Osiyo va Para Osiyo o‘yinlari, shuningdek, kelasi yil poytaxtimizda o‘tadigan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik bo‘yicha taqdimot namoyish etildi. Unga ko‘ra, har ikki musobaqa Olimpiya shaharchasida qad rostlayotgan velodromda tashkil etiladi.

Mutasaddilar taqdimotda majmua og‘ir atletika bellashuvlari uchun qanday tayyorlanishi, mehmonlar uchun yaratiladigan sharoitlar haqida ma’lumot berishdi. Qayd etish joiz, 2025 yilning may-iyun oylariga belgilangan bo‘lajak dunyo birinchiligi yoshlar Osiyo o‘yinlari oldidan sinov musobaqasi vazifasini bajarib beradi. 

O‘z navbatida, Muhammad Jalud O‘zbekistonning bu kabi yirik musobaqalarni o‘tkazishda tajribasi kattaligi haqida gapirib, oldindagi turnirlarni avvalgilaridan ham yaxshiroq o‘tkazishiga ishonch bildirdi. Tadbir davomida do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, oldinda turgan musobaqalarga hamkorlikda tayyorgarlik ko‘rish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashildi.

Muhammad AMIN (surat), O‘zA