Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
IV yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi
18:39 / 2021-02-18

Bugun Toshkent shahar hokimiyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, shahar hokimligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasining mutasaddilari ishtirokida «Toshkent-2025» yoshlar IV yozgi Osiyo o‘yinlarining tashkiliy masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Rashid Tolipov, jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov, MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, MOQ Bosh kotibi, «Toshkent-2025» direksiyasi direktori Oybek Kasimov va boshqalar qatnashdi.

Yig‘ilishda vazirlik va MOQ mutasaddilari Toshkentdagi mavjud sport ob’ektlarining hozirgi holati, ular orasida qaysilari bo‘lajak musobaqani qabul qilish imkoniyatiga ega ekanligi, qaysi sport turlari uchun inshootlar qurish lozimligi haqida ma’lumot berishdi. Shuningdek, kun tartibidan musobaqa dasturiga kiritiladigan sport turlari va boshqa tashkiliy masalalar ham o‘rin oldi.

Ta’kidlash joiz, poytaxtimiz bungacha qit’a va jahon miqyosdagi yirik turnirlarni qabul qilgan bo‘lsa-da, katta kompleks musobaqaga ilk marotaba mezbonlik qiladi. Bu esa muhtaram yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, Yangi O‘zbekistonning hozirgi imkoniyati va salohiyatini jahon hamjamiyatiga namoyish qilish uchun ayni muddao. 

Uchrashuvda hukumatimiz vakillari musobaqa tashkiliy ishlari bo‘yicha barcha masalalarni hal qilishda yordam berishga tayyor ekanliklari va mazkur yirik loyiha davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini alohida ta’kidlashdi.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo Olimpiya Kengashining 2020 yil 16-17 dekabr kunlari O‘mon Sultonligida o‘tkazilgan Bosh Assambleyasida Toshkentning 2025 yil bo‘lib o‘tadigan yoshlar Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilishi rasman e’lon qilingan.

O‘zA