IV Osiyo yoshlar o‘yinlariga Toshkent mezbonlik qiladi
Bahrayn poytaxti Manama shahrida yoshlar o‘rtasidagi III Osiyo o‘yinlari o‘z yakuniga yetganidan xabaringiz bor, albatta. Manama shahrida o‘tkazilgan Osiyo Olimpiya kengashining Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida Toshkent 2029 yilgi IV Osiyo yoshlar o‘yinlariga mezbonlik qilishi haqida qaror qabul qilindi.
Bugun III Osiyo yoshlar o‘yinlarining tantanali yopilish marosimida bu haqda rasman e’lon qilindi. Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) vitse-prezidenti, O‘zbekiston MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov OOK bayrog‘ini qabul qilib oldi.
Eslatib o‘tamiz, vakillarimiz III Osiyo yoshlar o‘yinlarida 37 ta oltin, 16 ta kumush, 28 ta bronza, jami 81 ta medal bilan umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA