Xabar berganimizdek, ayni paytda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida joylashgan “Lochin” oromgohida “Yoshlar kelajak bunyodkorlari!” IV ekologiya va turizm xalqaro qurultoyi bo‘lib o‘tmoqda.
Yoshlarning ekologiya va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi faolligini oshirish, ularni turizm sohasiga keng jalb etish, yoshlarning ekologiya va turizm sohasidagi istiqbolli g‘oyalari hamda loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan mazkur qurultoyda yurtimizning har bir hududidan 54 nafardan iqtidorli, ijtimoiy himoyaga muhtoj, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan o‘quvchi, talaba va yoshlar hamda “Yosh ekologlar” harakati va Yosh turizm elchilari Kengashlari a’zolari, shuningdek, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Belarus, Rossiya Federatsiyasi hamda O‘zbekistonda tahsil olayotgan xorijlik talabalar ham ishtirok etmoqda.
Qurultoy doirasida turli tanlovlar, ploging musobaqalari, ekologik va turistik loyihalar, sport musobaqalari, yoshlar uchun biznesni tashkil qilish, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar va mashhur shaxslar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Masalan, “Eng yaxshi ekologik loyiha”, “Eng yaxshi turizm loyihasi”, “Ekologiya va turizm bilimdonlari” va “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovlari yoshlarning faol ishtirokida o‘tmoqda. Unda har bir ishtirokchi o‘zining ekologiya va turizm yo‘nalishida loyihalari bilan ishtirok etmoqda.
Andijonlik Kamola Karimova ham “Eng yaxshi ekologik loyiha” tanlovida o‘z loyihasi bilan muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
– Loyihamning nomi “Kalmavra” deb ataladi va bu stress va tashqi zararli mikroorganizmlarni yo‘q qilishga qaratilgan tabiiy fermentlardan tayyorlangan havo tozalaydigan suyuqlik, ya’ni spriy ko‘rinishida, – deydi Kamola. – Kelgusida ushbu mahsulotni kengaytirilgan tartibda ishlab chiqarishni maqsad qilganman.
– Orolbo‘yi mintaqasida tabiiy sharoitlarga mos dam olish maskani tashkil qilish loyihasi bilan ishtirok etyapman, – deydi qoraqalpog‘istonlik Shahsanam. – Bunda tabiiy o‘tov uylari tashkil qilinadi va ularda tabiiy sharoitlar yaratiladi, milliy taomlar tayyorlanadi. Quyosh panellari yordamida elektr ta’minoti yaratiladi. Idishlar ham sopol yoki misdan yasalgan bo‘ladi. Maqsad maishiy chiqindilar ko‘payishining oldini olish. Bundan tashqari, tashrif buyuruvchi mehmonlar ko‘chatlar ekishi tashkil qilinadi va bunda eng muhimi ular biz yaratgan platforma orqali o‘zlari ekkan ko‘chatlarning o‘sishini doimiy kuzatib turish imkoniga ega bo‘ladi.
“Zakovat”, “Chto? Gde? Kogda?” va “Zakovat quiz” kabi intellektual o‘yinlar esa ishtirokchi yoshlarning bilim va salohiyatlari yanada oshishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
– Biz Farg‘ona viloyati delegatsiyasi bilan birgalikda qurultoyda ishtirok etyapmiz, – deydi Abdurahmon Jo‘raboyev. – Hozirgina “Zakovat kuiz” bellashuvida qatnashdik. Taassurotlar olam-olam. Yangi do‘stlar orttiryapmiz. Boisi, bu yerga eng iqtidorlilar yig‘ilgan. Hammasi ajoyib.
Albatta, bu kabi tanlov va uchrashuvlar kun davomida yoshlarning nafaqat mazmunli vaqt o‘tkazishiga, balki bilim va iqtidorlarini yana bir bor namoyish qilishiga imkon yaratmoqda.
Qurultoy doirasidagi tadbirlar turli yo‘nalishlarda davom etmoqda. Kuni kecha Qashqadaryo viloyat hokimi o‘rinbosari Alisher Zokirov boshchiligida Shahrisabz tumanining tarixiy va tabiiy go‘zalliklari bilan mashhur G‘elon qishlog‘iga ham sayyohat uyushtirildi.
[gallery-24779]
Mazkur sayyohatda xorijiy yoshlar delegatsiyasi va ommaviy axborot vositalari xodimlari faol ishtirok etdi. Mehmonlar tog‘li hududning betakror tabiati va milliy urf-odatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari