Ar-Riyod shahridagi COP16 konferensiyasi doirasida Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Toshkent shahrida vakolatxonasini tashkil etish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ar-Riyod shahrida O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi ko‘magida bo‘lib o‘tayotgan COP16 konferensiyasi doirasida mezbon davlat shartnomasini imzolash va Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining (IUCN) Toshkent shahrida vakolatxonasini tashkil etish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.
Xabarga ko‘ra, hujjatni vazir Aziz Abduhakimov va IUCN bosh direktori Gretel Agilar imzoladi.

"IUCN bilan hamkorligimiz qo‘shma loyiha va tadbirlar orqali rivojlanib borayotganidan mamnunmiz. Toshkentda ofisning tashkil etilishi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga ishonaman, — degan marosimda Aziz Abduhakimov. — Ekologik muammolar chegara bilmaydi, bu esa kuchlarni birlashtirish va transchegaraviy hamkorlik muhim ekanligini anglatadi. IUCNning Toshkentdagi vakolatxonasi nafaqat O‘zbekistonga, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasiga xizmat qilib, tabiatni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishidan mamnunmiz".
Qayd etilishicha, bitim IUCNning O‘zbekistondagi faoliyati uchun huquqiy asos bo‘lib, uzoq yillik hamkorlikdagi muhim bosqichni belgilab beradi. Hujjat davlat organlari bilan yanada samarali hamkorlikni ta’minlaydi hamda IUCNning O‘zbekiston va mintaqani tizimli va samarali rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini qo‘llab-quvvatlaydi.

"Biz O‘zbekiston bilan hamkorligimizni mustahkamlaydigan hamda mamlakatda va butun Markaziy Osiyoda atrof-muhit va iqlim bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarga asos soladigan ushbu muhim voqeadan mamnunmiz, – deya ta’kidlagan IUCN Bosh direktori Gretel Agilar. – Vazirlik va boshqa hamkorlar bilan tabiatni muhofaza qilish, ekotizimni tiklash va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilishni orziqib kutamiz. IUCN bizga mintaqaning noyob biologik xilma-xillik va qimmatli tabiiy resurslarni muhofaza qilish bo‘yicha sa’y-harakatlariga yanada salmoqli hissa qo‘shish imkoniyatini taqdim etgani uchun O‘zbekistonga samimiy minnatdorlik bildiradi".
IUCN va Ekologiya vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik samarali sa’y-harakatlarga yo‘l ochadi. Hamkorlik loyihalari qatoriga IUCN, Global ekologik fond (GEF) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda boshlangan IUCN Mintaqaviy yagona sog‘liqni saqlash tashabbusi hamda Landshaftlar va yerlarni tiklash loyihasi kiradi.
Yaqin kelajakda GEF va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda tashkil etilgan O‘zbekistonda tabiatni muhofaza qilish va alohida qimmatli landshaftlarni tiklashni kompleks boshqarish loyihasini ishga tushirish orqali hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA