ITF qo‘mita va komissiyalariga 3 nafar hamyurtimiz kiritildi
Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) 2026–2027 yillar uchun qo‘mitalar va komissiyalar tarkibini e’lon qildi. Ushbu tarkibga O‘zbekistondan uch nafar vakil kiritildi.
Xususan, ITF Prezidentining Devis kubogi va “Billie Jean King Cup” bo‘yicha Ishchi guruhi tarkibiga O‘zbekiston tennis federatsiyasi raisining o‘rinbosari Iroda To‘laganova, “Billie Jean King Cup” musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi sardori Oqgul Omonmurodova kiritildi. Shuningdek, O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi bosh murabbiyi, afsonaviy o‘zbek tennischisi Denis Istomin ITF Murabbiylar komissiyasi a’zosi etib tayinlandi.


Ma’lum qilinishicha, ITF doirasida jami 70 ta mamlakatdan 230 nafardan ortiq vakil turli qo‘mita, komissiya va ishchi guruhlar tarkibiga jalb etilgan. Ushbu tuzilmalar tennisning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ITF hamda uning Direktorlar kengashi faoliyatiga ko‘maklashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA