O‘zbekistonda ko‘rgazma sanoati so‘nggi yillarda yangi format va xalqaro standartlarga muvofiq rivojlanmoqda. Bu jarayon mamlakatga xorijiy kompaniyalarni jalb etish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash va biznes hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi o‘ttiz yillik faoliyati davomida O‘zbekiston ko‘rgazma sanoatiga jahonning yetakchi ishtirokchilari qo‘llaydigan standartlarni joriy etib, sohada barqaror va sobit yetakchilikni ta’minladi. Bu kompaniyaning izchil sa’y-harakatlari mahalliy sanoatni xalqaro darajaga olib chiqishda asosiy omil bo‘lmoqda.
Mazkur kompaniya bosh direktori Nigora Hasanova qayd etganidek, mazkur tashkilot ko‘rgazmalari 1995 yilda "Sog‘liqni saqlash - TIHE " va 1997 yilda "O‘zbekiston neft va gazi OGU" bilan boshlangan bo‘lib, ular vaqt o‘tishi bilan butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim voqealarga aylandi. Bugungi kunda kompaniya portfoliosida 20 ta ko‘rgazma mavjud bo‘lib, ularning har biri o‘z sohasida yetakchi o‘rinni egallaydi va tegishli sohalarni rivojlantirish uchun mezonlarni belgilaydi.
– Ushbu tadbirlar O‘zbekistonning xalqaro ko‘rgazma xaritasidagi obro‘sini oshiradi, mamlakatning ishonchli biznes sherik sifatidagi imijini mustahkamlaydi va uning jadal iqtisodiy rivojlanishini namoyish etadi, –deya ta’kidladi N.Hasanova. – Ko‘rgazmalar va anjumanlarning kuchli mavqei O‘zbekiston chegaralaridan tashqariga ham chiqdi, bu ishtirokchilarning miqdoriy va sifat jihatidan tarkibi, shuningdek, xorijiy va mahalliy auditoriyaning doimiy e’tiboridan dalolat beradi. “UzBuild”, “UzFood”, “CAITME”, “TIHE”, “OGU” va “TextileExpo Uzbekistan” ko‘rgazmalari milliy brend maqomini oldi va mamlakat chegaralaridan tashqarida ham tanilgan.
Ko‘rgazma sanoati har doim mamlakatdagi progressiv o‘zgarishlarning ko‘rsatkichi bo‘lib kelgan. U professionallik darajasi va biznesning rivojlanishga tayyorligini aks ettiradi. Bugungi kunda bozor faol ravishda o‘zgarib bormoqda: zamonaviy tadbirlar formatlari joriy etilmoqda, butun sanoat uchun yuqori standartlar va yangi mezonlar o‘rnatilmoqda.
“Iteca Exhibitions” mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga doimiy ravishda ustuvor ahamiyat beradi. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, yaxshi tashkil etilgan kompaniya ko‘rgazmalari va anjumanlari xavfsizlik va elektronikadan tortib qurilish, energetika, yengil va og‘ir sanoatgacha bo‘lgan ko‘plab sohalarda ijobiy tendensiyalarni rag‘batlantiradi. Har bir tadbir tajriba almashish, hamkorlikni rivojlantirish va innovatsiyalarni ilgari surish uchun platformaga aylanadi.
Ishtirokchilarning so‘rovlariga ko‘ra, ko‘plab kompaniyalar uchun “Iteca Exhibitions” ko‘rgazmalarida ishtirok etish mamlakat bozoriga kirishning zaruriy elementiga aylangan: bu yerda ular mijozlar, distribyutorlar, professional uyushmalar va davlat idoralari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatadi, real biznes aloqalarini kengaytiradi, shartnomalar tuzadi va kelajakdagi loyihalarni muhokama qiladi.
2025 yilda kompaniyamiz o‘zining 30 yillik yubiley mavsumini nishonladi va 20 ta xalqaro ko‘rgazma, to‘rtta nufuzli forum va 36 ta tematik seminarlarni taqdim etdi. Tadbirlarda 55 mamlakatdan 4311 ta kompaniya va brend, 251 ta spiker va moderator hamda 3 957 ta delegat ishtirok etdi. Tashriflarning umumiy soni 75 mamlakatdan 101 160 kishini tashkil etdi.
Joriy yilgi ko‘rgazma mavsumi davomida mutaxassislar turli sohalardagi innovatsiyalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ko‘rgazmalarda nafaqat jahon yetakchilari va taniqli brendlar, balki ko‘plab mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham ishtirok etdi. Bu esa mahalliy korxonalarning yutuqlarini namoyish etish va ularning eksport salohiyatini oshirishga yordam berdi. Mamlakatning ikkita maydonida ko‘rgazmalarning o‘tkazilishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Soha tadbirlariga yangi turtki berdi va nafaqat miqyosni, balki biznes faolligining o‘sishini ham anglatdi. Ushbu doirada minglab muzokaralar, aloqalar, sherikliklar, kelishuvlar, shartnomalar va yangi loyihalarni ishga tushirish ishlari olib borildi. Yetkazib beruvchilar va xaridorlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Natijada umumiy bitimlar aylanmasi 1 milliard dollardan oshdi. Ko‘rgazma ishtirokchilariga netvorking va biznes aloqalari uchun maxsus joylar taqdim etildi, bu ularning ishtiroki samaradorligiga va biznes ishonchini mustahkamlashga hissa qo‘shdi.
Ta’kidlash kerakki, 2007 yildan buyon “Iteca Exhibitions” O‘zbekistonda birinchi bo‘lib Butunjahon ko‘rgazma sanoati uyushmasining ((UFI) to‘laqonli a’zosi hisoblanadi. “UzBuild”, “OGU” / “Power Uzbekistan” va “TIHE” / “Beauty Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmalari yana bir bor UFI tomonidan tasdiqlangan tadbir sifatida o‘z maqomini tasdiqladi. Bu ularning samaradorligi va mezbon mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga qo‘shgan hissasini aks ettiradi.
Rejalarga kelsak, 2026 yilda milliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb qilish va iqtisodiy tarmoqlarni rivojlantirishga qaratilgan 22 ta ko‘rgazma va 5 ta anjuman, yangi loyihalarni amalga oshirish ko‘zla tutilgan.
Muhimi, O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishida ko‘rgazma sanoati muhim rol o‘ynamoqda. “Iteca Exhibitions”ning ko‘rgazmalari nafaqat yutuqlarini namoyish etadi, balki biznes va davlat sektorlari uchun barqaror o‘sish va investitsiyaviy hamkorlik imkoniyatlarini yaratadi. Bu esa mamlakat iqtisodiy salohiyatini oshirishda muhim platforma sifatida xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA