Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
ITB Prezidenti bilan muloqot to‘g‘risida
00:50 / 2022-02-15

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Islom taraqqiyot banki (ITB) Prezidenti Muhammad Sulaymon al-Jassir bilan videokonferensiya tarzida muzokara o‘tkazdi.

Ikki tomonlama uchrashuv o‘zaro manfaatli hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbolini muhokama qilishga bag‘ishlandi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ITB faoliyati jadal kengayib borayotgani qayd etildi. Ayni paytda O‘zbekistondagi ITBning investitsiyaviy portfeli umumiy qiymati 1,8 milliard dollarlik 29 ta loyihadan iborat ekan. Shulardan umumiy qiymati 996 million dollarga teng 21ta loyiha amalga oshirilgan va 825 million dollarlik 8ta loyiha hayotga tatbiq etilmoqda.

2022 yilda ITB tomonidan tasdiqlanishi kutilayotgan infratuzilmaviy rivojlanish, ta’lim va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohalarida yangi loyihalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha keyingi tadbirlar belgilab olingan.

ITB rahbari O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot Strategiyasining qabul qilinishini olqishladi va unda belgilangan ustuvor vazifalar dolzarbligini ta’kidlab, ushbu Strategiyani amalda tatbiq etish hamda O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda iqtisodiy imkoniyatni kengaytirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish vazifasi ko‘rib chiqildi. Joriy yilning yanvar oyida xususiy investorlarni Jamg‘arma faoliyatida ishtirok etishga jalb qilish uchun ITB “roud-shou” o‘tkazgani aytib o‘tildi.

ITB bilan 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan yangi Hamkorlik dasturini birgalikda ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi, ular qatorida aholi bandligi va malakasini oshirish, hududlar va qishloq joylarda xotin-qizlarning imkoniyatini kengaytirish, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash, suv ta’minoti tizimlari, kanalizatsiya, kommunal va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish kabi yo‘nalishlar belgilab olindi.

ITB tomonidan Arab muvofiqlashtirish guruhi bilan hamkorlikda yaratilgan SmartED yangi moliyalashtirish mexanizmidan foydalangan holda ta’lim tizimini takomillashtirishning dolzarbligi ham alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, odamlar zich, qishloq va chekka hududlarda yashovchi aholi uchun ta’lim sifatini yuksaltirish maqsadida O‘zbekiston hududlaridagi 400 ta maktabni rekonstruksiya qilish dasturini amalga joriy etish bo‘yicha ITB tomonidan qo‘shimcha mablag‘ ajratish masalasi ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston tomoni ITB va (APICORP) Arab neft investitsiya korporatsiyasi muqobil energetika, infratuzilmaviy qurilish, suv resurslarini boshqarish va chiqindilarni yo‘q qilish sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishga, shu jumladan Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarning xususiy kompaniyalari va investorlarini jalb qilishga qaratilgan yangi “Infra Initiative” qo‘shma tashabbusini olqishladi.

O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan tashabbus qo‘llab-quvvatlangan. Ushbu sohaning bugungi holatini tahlil qilish hamda mazkur yo‘nalishda ilg‘or innovatsion ishlanmalar, amaliyotlarni joriy qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun O‘zbekistonga ekspertlar guruhini yuborish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

O‘zA