Islom taraqqiyot banki direktorlar Kengashi O‘zbekistonda umumiy qiymati 509,2 million dollarga teng ikki yirik, iqtisodiy jihatdan ahamiyatli loyihani moliyalashtirishni ma’qulladi.
200 million dollarlik birinchi loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida bir qator infratuzilmaviy va ijtimoiy ob’ektlarni modernizatsiya qilishni ko‘zda tutadi. Jarayon doirasida 1161 km suv ta’minoti tizimi, 626 km massiv ichidagi va massivga olib boruvchi yo‘l, 1154 km past kuchlanishli elektr, 693 km irrigatsiya va drenaj tarmog‘i, 155 o‘quv, tibbiy va 100dan ziyod boshqa inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida 710 ming kishining turmush sharoiti yaxshilanadi, muayyan hududlar barqaror rivojlanadi.
Bank tomonidan 80 million dollar ajratilayotgan ikkinchi loyiha mahalliy klinikalarni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash orqali saraton kasalligiga chalingan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini har tomonlama takomillashtirish dasturining ikkinchi bosqichini amalga oshirishni ko‘zda tutadi. Xususan, saraton kasaligini erta bosqichda aniqlashni yo‘lga qo‘yish va umuman, davolash sifatini yaxshilash imkonini beradi, 1,8 milliondan ziyod ayolni diagnostika-skriningdan o‘tkaziladi, 150 ming saraton bilan xastalangan bemorga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Qayd etish joiz, avvalroq dasturning birinchi bosqichi doirasida Islom taraqqiyot banki tomonidan 37 million dollar miqdorida mablag‘ ajratilgan edi.
ITB islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekistonning ishonchli hamkoridir. 1994 yildan boshlab ayni sheriklik doirasida tuzilma tomonidan 2 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ taqdim etildi. Shu hisobdan o‘nlab yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirildi.
Shuningdek, ITB bilan 2021 yilda Boshqaruvchilar Kengashining 46-Yillik yig‘ilishini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbk tadbirda bankka a’zo 57 mamlakatdan delegatsiya, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalar, moliyaviy tuzilmalar va jamoat birlashmalari rahbarlari ishtirok etadi.
Respublikada bunday nufuzli tadbir o‘tkazilishi ITB bilan hamkorlik yuqori darajada yo‘lga qo‘yilganidan dalolat. Shuningdek, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining barcha sohalaridagi ijobiy tendensiya va o‘zgarishlarga xalqaro hamjamiyat e’tiborini jalb etadi.