Italiya Moliya gvardiyasi janubiy Rejo-Kalabriya viloyatida yashovchi fuqaroning firibgarligini fosh etdi. Ma’lum bo‘lishicha, u kasallik to‘g‘risidagi qalbaki ma’lumotnomani uch yil davomida ko‘rsatib yurgan. Shu vaqt ichida u atigi 9 kun ishlagan, deyiladi moliya idorasi tarqatgan xabarda.
Aniqlik kiritilishicha, “uchar” erkak mamlakat shimolidagi Pordenone viloyatining bir yo‘la uch o‘quv yurtida ishlashga ulgurgan. O‘zini ma’muriy, texnik vakil yoki yordamchi mutaxassis sifatida tanishtirgan va har gal bir xil tartibda ish yuritgan.
Maktabdan bo‘lgan qo‘ng‘iroqqa javob berib, kotibiyatga kelgan va mehnat shartnomasi tuzgan. Uch kun ishlab, Rejo-Kalabriyadagi uyiga qaytgan, maktabga qalbaki tibbiy ma’lumotnoma jo‘natib, boshqa mutaxassislik bo‘yicha xotirjam faoliyatini davom ettirgan.
Shu tariqa u nafaqat qonuniy to‘lovni 100 foiz olib yurgan, balki soliq tekshiruvidan ham xalos bo‘lgan. Hatto, maoshini ko‘tarish uchun ball ham to‘plagan.
Ma’lum bo‘lishicha, firibgar besh nafar shifokor hamtovog‘i yordamida jami 40 ming yevro ishlab olibdi. Italiyalik “shovvoz” kasallik ta’tilida bo‘la turib, avtomobilni uzoq muddatli ijaraga berish bo‘yicha broker bo‘lib ishlagan va mamlakat bo‘ylab harakatlangan, xorijga ham chiqqan.
Pordenone prokuraturasi topshirig‘i bilan firibgarning uyi tintuv qilinganda, ikki joyda ishlayotgani haqidagi hujjatlardan tashqari, 300 ming yevro naqd pul topilgan.