Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Italiyaga tashrif: Manfaatli kelishuvlar va hamkorlik
17:42 / 2019-11-20

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoev boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi shu kunlarda rasmiy tashrif bilan Italiya davlatida bo‘lib turibdi.


Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoev boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi shu kunlarda rasmiy tashrif bilan Italiya davlatida bo‘lib turibdi. Delegatsiya tarkibida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Eldor Tulyakov hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi direktorining o‘rinbosari Oybek Elmuratov ham bor. Ta’kidlash joiz, ushbu tashrif O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Joriy yilning 19-21 noyabr kunlariga mo‘ljallangan tashrif kunlarida O‘zbekiston ishbilarmon doiralari vakillari Italiyaning qator kompaniyalari mutasaddilari bilan yuzma yuz uchrashuvlar o‘tkazib, muhim kelishuvlarga erishish, shu jumladan, mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, davlatimizning ulkan imkoniyatlari va salohiyati bilan italiyaliklarni batafsil tanishtirishni maqsad qilgan.

Delegatsiya a’zolari dastlab “Pablisis Grupp” kompaniyasi bilan hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi. Ma’lumki, dunyoning 110 davlatida 78 000 nafardan ortiq xodimga ega ushbu kompaniya reklama va aloqa xizmatlari bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi va Yevropa bozorida birinchi o‘rinni egallaydi.

Kompaniya prezidenti janob Anjelo Bayochchi mehmonlarni o‘z ofisida qutlar ekan, keyingi 3 yil mobaynida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangi bosqichdagi iqtisodiy islohotlar natijalariga yuqori baho berib, qadimiy Buyuk ipak yo‘li yo‘nalishining tiklanishi, investitsiyalarni jalb etish borasidagi tashkiliy-huquqiy asoslarning qonun bilan yanada mustahkamlanayotgani, olib borilayotgan ochiq va shaffof tashqi siyosat dunyo davlatlari yirik investorlarining diqqat-e’tiborini tortayotganini e’tirof etdi.

Janob Anjelo Bayochchi, shuningdek, O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasida alohida o‘rin tutuvchi boy madaniy-ma’naviy merosiga alohida urg‘u berib, bu borada G‘arb va Osiyo davlatlari bo‘ylab keng targ‘ibot ishlarini (rebrending) o‘tkazish taklifini bildirdi. Xususan, O‘zbekistonda bugun bo‘layotgan o‘zgarishlardan jahon hamjamiyatini doimiy xabardor qilib borish, mamlakatning ijobiy imijini shakllantirish va nufuzini oshirishda dunyoning yetakchi OAVlari va yirik media tuzilmalari bilan hamkorlik qilish masalalarida “Pablisis Grupp” kompaniyasi har qanday ko‘makka tayyor ekani ta’kidladi.

Delegatsiya a’zolari “In3akt” kompaniyasi ta’sischisi va boshqaruvchisi janob David Ronkaloni bilan o‘tkazdi.

2004 yilda tashkil etilgan mazkur strategik konsalting kompaniyasi rivojlanish yo‘lidagi muammolarni hal qilish uchun innovatsion fikrlash, pragmatik yondashuv va amaliy yordam bilan biznesga moslashtirilgan va “profilli“ yechimlarni taklif etuvchi kompaniya sifatida Yevropa, Rossiya va Xitoyda ishonchli sherik sifatida tan olingan.

Muhokamalar chog‘ida tomonlar O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini yanada yaxshilash, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini izchil rivojlantirish, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, agrar sektorning eksport salohiyatini oshirish masalalarida o‘zaro fikr almashdi.

Janob David Ronkaloni O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini sertifikatlash va eksportni targ‘ib qilish, buning uchun taqiqlangan kimyoviy va genetik modifikatsiyalangan organizmlardan (GMO) mahsulotlarning “tozaligini“ tasdiqlovchi murakkab bosqichli laboratoriya tadqiqotlari tizimini joriy etishda hamkorlikka shay ekanini bildirdi. Shu bilan birga, maishiy chiqindilarni qayta ishlashning zamonaviy texnologiyalarini O‘zbekistonga olib kirish hamda ular yordamida tabiiy gaz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekani ta’kidlandi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, tomonlar o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish yuzasidan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va kelishilgan maqsadlarni amalga oshirish borasida bor kuch va salohiyatlarini safarbar etishga kelishib oldilar.

O‘zbekiston delegatsiyasining Italiyaga tashrifi davom etmoqda.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi 
Axborot xizmati.