Mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan “BMB Trade Group” va Italiyaning “Gesfarm & food” kompaniyalari o‘rtasida joriy yil iyun oyida za’faron dorivor o‘simligini yetkazib berish bo‘yicha umumiy qiymati 15 million yevroni tashkil etadigan eksport shartnomasi imzolangan, ushbu shartnoma doirasida za’faron mahsulotining dastlabki turkumi Yevropaga jo‘natilgan edi.
1,1 million yevrolik “BMB Zaʼfaron” brendi ostidagi mahsulotning navbatdagi turkumi Italiyaga eksport qilindi.
Ta’kidlash joizki, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalar kengayib, eksport hajmi oshib bormoqda. “BMB Trade Group” kompaniyasi respublikamizda za’faron maydonlarini kengaytirish, ushbu dorivor o‘simlikni qayta ishlash hajmini ko‘paytirish, doimiy hamda mavsumiy yangi ish o‘rinlarini yaratish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish orqali o‘z salohiyatini namoyon etib bormoqda. Umuman olganda, Italiyaga yo‘lga qo‘yilgan eksport amaliyoti kompaniya uchun navbatdagi ulkan rejalarning boshlanishi hisoblanadi.
Kompaniya yuksak marralarni ko‘zlagan holda, O‘zbekistonni za’faron yetishtiriladigan eng ilg‘or davlatlardan biri sifatida dunyoga tanitishga erishishishni o‘z oldiga qat’iy maqsad qilib qo‘ygan. Zero, bugungi kunda xorijiy davlatlarda oliy sifatli “BMB-Za’faron” mahsulotiga nisbatan qiziqish tobora oshib bormoqda.
Muhayyo Toshqarayeva, O‘zA