Italiyaning shimoli-g‘arbidagi Pemont viloyatida kuchli yog‘ingarchilik tufayli ko‘plab daryolar toshib, mintaqani suv bosdi.
Mahalliy matbuoti xabariga ko‘ra, daryolar tashvishlanarli darajada oqyapti, 100 ga yaqin shaharchada aholi toshqindan ogohlantirilgan. Mamlakatdagi eng yirik daryo – Po Turin yaqinidagi ba’zi hududlarda toshqin chizig‘ini kesib o‘tgan. Po irmog‘i – Sessiya ham shunday xavf ostida. Yaqin atrofdagi Borgoseziya shahrida 150 kishi uyini tark etishga majbur bo‘ldi.
Boshqa bir irmoq – Dora Baltea Strambino va Karavinoda qirg‘oqni yemirib yubordi. Ekinzor va yo‘llarni suv bosdi. Toshqin va ko‘chki tufayli Turin-Aosta A5 avtomagistralining ayrim qismlari va bir necha qishloq yo‘li yopilgan.
ANSA axborot agentligi axborotida mahalliy hukumat rahbari Alberto Chirio mintaqadagi noqulay ob-havo sharoiti yana 3-4 soat davom etishi mumkinligini aytgan. Hozircha qurbonlar to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.
Mamlakat shimolidagi Alp tog‘i bilan o‘ralgan yana bir mintaqa Valle-d'Aosta, Monb Blandagi tunnel qor bilan qoplangan, yuk mashinalari harakati uchun yopiq. Milan, Pyachensa va Rim kabi shaharlarda kuchli shamol tufayli daraxtlar qulagan. Milan va Turinda odamlar xiyobonlarda sayr qilishdan tiyilishga chaqirilgan.
Yomg‘irli ob-havo tufayli toshqin kuzatilgan Emiliya-Romanya mintaqasida qizil belgili ogohlantirish e’lon qilindi.