Italiya va Gruziya tajribasi oʻrganildi
Mutaxassislarda aloqalarni anʼanaviy kuzatish uchun raqamli vositalardan foydalanish va olingan natijalar, shuningdek, Italiya va Gruziyaning ushbu sohadagi amaliy harakatlari katta qiziqish uygʻotdi.
Kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy materiallar (KBRYAM) taʼsiri xatarlarini kamaytirish ilgʻor tajriba markazining Janubi-Sharqiy va Sharqiy Yevropa boʻyicha Mintaqaviy kotibiyati “COVID-19 aloqalarini boshqarish: mamlakatlarning eng yaxshi amaliyoti va tajribalari” mavzusida xalqaro vebinar oʻtkazdi.
Tadbir Yevropa Ittifoqining kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy ilgʻor tajriba markazlari boʻyicha tashabbusi, shuningdek, “Milliy huquqiy bazani mustahkamlash hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarida biologik himoya va biologik xavfsizlik boʻyicha ixtisoslashtirilgan oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish” loyihasiga muvofiq tashkil etildi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi, KBRYAMning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy kotibiyati vakillari, chet ellik shifokorlar hamda Italiya va Gruziyaning kasalliklarni va jamiyat sogʻligʻini saqlashni nazorat qilish sohasidagi mutaxassislari ishtirok etdi.
COVID-19 doirasida aloqaga kirganlarni qidirish usullari haqida maʼlumot berildi, bunday harakatlarning maqsadi va ahamiyati, taʼsir darajasi asosida tasniflash va turli mamlakatlarning aniq misollari muhokama qilindi.
Mutaxassislarda aloqalarni anʼanaviy kuzatish uchun raqamli vositalardan foydalanish va olingan natijalar, shuningdek, Italiya va Gruziyaning ushbu sohadagi amaliy harakatlari katta qiziqish uygʻotdi.
Joriy yilda Yevropa Ittifoqining kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy ilgʻor tajriba markazlari boʻyicha tashabbusi oʻzining oʻn yilligini nishonlamoqda. Mazkur tashabbus Oʻzbekistonga 2015-yilda kirib kelgan. Uning doirasida mamlakatda “Milliy huquqiy bazani mustahkamlash hamda va Markaziy Osiyo mamlakatlarida biologik himoya va biologik xavfsizlik boʻyicha ixtisoslashtirilgan oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish” loyihalari amalga oshirilmoqda.